O‘zbekiston | 14:21 / 11.01.2019
23410
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yiliga qancha bemorda onkologik kasallik aniqlanayotgani aytildi

Foto: iStock

2019 yil 10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash hamda Mehnat va ijtimoiy masalalari qo‘mitalari hamkorligida «O‘zbekistonda onkologik kasalliklar bilan kasallanish holati: mavjud muammolar va ularning yechimi» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, hozirgi paytda O‘zbekistonda yiliga 22 mingdan ortiq bemorda onkologik kasallik aniqlanmoqda. Bu, o‘z navbatida, mazkur xastalikka qarshi kurash tizimini takomillashtirishni, uni moliyalashtirish manbalarini aniq belgilashni taqozo etmoqda.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan fan va amaliyotning taraqqiyoti, sog‘liqni saqlash va insonlar salomatligini muhofaza qilish tizimining rivojlanishi natijasida onkologiya sohasida birinchi navbatda, birlamchi bo‘g‘inlarda profilaktika hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati darajasini oshirish bilan bog‘liq, o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligi, yuqori texnologik davolash va operatsiyalarni o‘tkazilishiga talab va ehtiyoj yuqori ekani qayd etildi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, respublikada ro‘yxatga olingan xavfli o‘sma kasalliklar orasida sut bezi, o‘pka, qon va limfoid to‘qimalar xavfli o‘smalari va bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda. Sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar bosqichma–bosqich davom etayotgan bir davrda o‘sma xastaliklari bilan kasallanishni kamaytirish maqsadida davlat miqyosidagi keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishga katta zarurat tug‘ilmoqda. Ayniqsa, kadrlar tayyorlash masalasiga e'tiborni kuchaytirish, uzoq qishloq joylarida ishlayotgan umumiy amaliyot shifokorlarining onkologik sezgirligini oshirish, tibbiy ko‘rik sifati yaxshilanishiga erishish bu boradagi muhim vazifalardan sanaladi.

Tadbir ishtirokchilari onkologik xastaliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, o‘sma kasalliklarining oldini olish, mazkur yo‘nalishga oid muammolarni kompleks hal etishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirishdi.

Mavzuga oid