Jahon | 13:34 / 13.01.2019
5195
2 daqiqa o‘qiladi

BAA, Ummon va Bahrayn aviakompaniyalari Damashqqa parvozlarni tiklashga tayyorlanmoqda

© Sputnik

BAA, Ummon va Bahrayn aviakompaniyalari Suriya poytaxti Damashq shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni tiklashga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Damashq aeroportini boshqaruvchi Syrian Air kompaniyasi bosh direktori Shafi an-Nuri ma'lum qilgan.

«Oman Air aviakompaniyasi delegatsiyasi Damashq xalqaro aeroportiga tashrif buyurdi va Suriya poytaxtiga uchishlarni amalga oshirishning texnik holati bilan tanishdi», deya An-Nurining so‘zlarini keltirmoqda SANA agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Damashqqa parvozlarni amalga oshirish oldidan texnik o‘tkazish so‘rovini Bahraynning Gulf Air hamda Birlashgan Arab amirliklarining Etihad aviakompaniyalari ham bildirgan.

Ayni vaqtda BAAdan Damashqqa parvozlar faqat Syrian Air va suriyaliklarning xususiy aviakompaniyasi bo‘lmish Cham Wings tomonidan amalga oshirilmoqda. Syrian Air aviakompaniyasi Bahraynga ham reyslarni amalga oshiradi. Hozirda Ummondan Damashqqa faqat BAAga to‘xtab o‘tib uchish mumkin.

Dekabr oyida BAA 6 yillik tanaffusdan keyin Damashqdagi elchixonasi faoliyatini tiklagandi. Keyinroq Suriya poytaxtida Bahrayn va Quvayt elchixonalari ham ishlay boshladi.

Mavzuga oid