Sport | 00:37 / 30.01.2019
43813
2 daqiqa o‘qiladi

Xabib Nurmagomedov 9 oyga musobaqalardan chetlatildi

Foto: REUTERS

Rossiyalik aralash yakkakurash jangchisi Xabib Nurmagomedov irlandiyalik Konor Makgregorga qarshi jangdan keyin uning ishtirokida chiqqan to‘polon uchun 9 oyga musobaqalardan chetlatildi. Bunday qarorni ushbu ishni ko‘rib chiqqan Nevada shtati atletik komissiyasi qabul qilgan.

Nurmagomedov, shuningdek, 500 ming dollar miqdorida jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Komissiya Makgregorga nisbatan ham chora ko‘rgan, u yarim yilga chetlatilgan va 50 ming dollarlik jarimaga tortilgan. Ikkala sportchi uchun ham diskvalifikatsiya muddati 2018 yil 10 oktyabrdan boshlab hisoblanadi.

Foto: Josh Hedges/Zuffa LLC

Nurmagomedovning diskvalifikatsiya muddati agar u bezorilikka qarshi yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturda ishtirok etsa, 3 oyga qisqartirilishi mumkin. Shu tariqa Xabib joriy yil aprelida yana oktagonga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Xabib chetlatilishiga ijtimoiy tarmoqlarda izoh bergan. Jumladan, u instagramda “Barchasi yakunlangandan keyin meni uyg‘oting”, deb yozgan.

Nurmagomedov, shuningdek, tvitterda qisqagina “Siyosat abadiy” degan yozuv qoldirgan. Ko‘rinishicha, sportchi shu tariqa u va Makgregorga qo‘llangan jarima sanksiyalari o‘rtasidagi katta tafovutga sha'ma qilgan.

 

Mavzuga oid