Jamiyat | 21:52 / 19.02.2019
84143
6 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi maktab yotoqxonasida o‘quvchilar kaltaklangani videosi tarqaldi. Aslida nima bo‘lgan?

Internetda Navoiy shahridagi ixtisoslashtirgan madaniyat maktabi yotoqxonasidagi o‘quvchilarning ommaviy kaltaklanishi aks etgan video tarqalgach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur holatni keng muhokama qila boshlashdi.

Videoda yotoqxona koridorida o‘ndan ziyod bola saf tortib turgani va ikki yigit ularga birma-bir musht tushirgani aks etgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Aslida voqea qanday bo‘lgan? Shu savolga javob topish maqsadida Kun.uz muxbiri maktab hududida bo‘ldi va maktab rahbariyati hamda ushbu voqea ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu voqea 2018 yilning 14 oktabr kuni yuz bergan. O‘sha kuni yotoqxonada mas'ul bo‘lgan tarbiyachi Sulaymon Qo‘chqorov quyidagicha izoh berdi.

«O‘sha kuni soat 22:00da yotoqxonaning uchinchi qavatida yashaydigan o‘quvchilarga uxlash vaqti bo‘lganini aytib, boshqa qavatlardagi o‘quvchilardan xabar olish uchun tushib ketdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, yuqori qavatdan shovqin eshitildi. Xabar olishga chiqqanimda, maktab yotoqxonasidagi eshiklardan biri singan ekan. Eshikni kim sindirgani aniq emasdi. Keyin ma'lum bo‘lishicha, o‘quvchilar orasidan tayinlangan yotoqxona sardori va yuqori sinf o‘quvchisi men pastki qavatlarga tushganimda eshikni kim sindirganini topish uchun o‘quvchilar bilan o‘zaro orani ochiq qilishgan ekan. Maktabda chindan ham shunday holat sodir bo‘lgan. Lekin bundan xabarim yo‘q edi», – deydi u.

Bu voqeadan maktab direktorining xabari bo‘lganmi?

Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi G‘olib Sattorovning aytishicha, u bu voqeadan bir hafta o‘tib xabar topgan. Shundan keyin, 2018 yilning 24 oktyabrida maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, o‘sha kuni yotoqxonada mas'ul bo‘lgan Sulaymon Qo‘chqorovga nisbatan «Hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanilgan. Yotoqxona sardori va boshqa o‘quvchilardan tushuntirish xati olinib, tarbiyaviy ishlar olib borilgan.

Voqea ishtirokchisi, o‘quvchilarni urgan yotoqxona sardori (ism-familiyasi tahririyatga ma'lum) bilan holat yuzasidan suhbatlashdik.

«Haqiqatdan ham o‘sha kuni shunday voqea yuz berdi. Tarbiyachi ketgandan keyin yotoqxonadagi eshikni kim sindirganini aniqlash va o‘quvchilarni tarbiyalash maqsadida ularni yig‘dim. Suhbat jarayonida biroz qizishib ketdim va ularga nisbatan kuch ishlatganim rost. Ammo ertasiga ularning barchasidan uzr so‘ragandim. Holatni kim videotasvirga olganini bilmayman», – deydi u.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida videodagi kaltaklangan o‘quvchilarning fikrlarini ham tingladik. Ular shunday holat bo‘lganini tasdiqlab, ertasi kuni yotoqxona sardori uzr so‘ragani va muammo yo‘qligini bildirishdi.

Maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulshan Hasanovaning aytishicha, u ham voqeadan bir hafta o‘tib xabar topgan va o‘quvchilar bilan tarbiyaviy suhbatlar olib borgan.

Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati hokimligining tegishli va ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabini tasarruf etadigan viloyat madaniyat boshqarmasining mutasaddilari fikrini ham oldik.

«Mazkur voqea haqida 2018 yilning 20 noyabr sanasida xabar topdik. Shundan so‘ng tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirdik. Ushbu holat yuzasidan boshqarmada maktab direktori va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan hamda holat tanqidiy muhokama etilgan. Maktab direktori qattiq ogohlantirilib, tarbiyachi S.Qo‘chqorovni vazifasidan ozod qilish bo‘yicha tavsiya berilgan», – deydi Navoiy viloyati madaniyat boshqarmasi ta'lim muassasalariga mas'ul mutaxassisi.

Holat yuzasidan Navoiy shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari U.Murodullayev ham o‘z fikrlarini bildirdi:

«Ushbu holatdan xabarimiz yo‘q edi. Maktab rahbariyati mazkur voqea haqida xabar bermagan. Shu vaqtgacha ta'lim muassasalarida bu kabi salbiy holatlar kuzatilmagandi. Albatta, bu borada tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz», – deydi mutasaddi.

Navoiy viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari F.Soliyev ham holat yuzasidan o‘z fikrlarini aytib o‘tdi:

«Albatta, bu kabi salbiy holatlarni qoralaymiz. Yoshlar tarbiyasi yuzasidan viloyatda chora-tadbirlar olib borilmoqda. Ayrim mutasaddilarning o‘z ishiga shunday mas'uliyatsizlarcha yondashishi tufayli yuz bergan birgina salbiy holat sababli bu boradagi barcha ishlarimiz yo‘qqa chiqmoqda. Kelgusida yoshlar tarbiyasi, ma'naviy axloqi yuzasidan amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz. Barcha ta'lim muassasalarida tarbiyaviy-profilaktik tadbirlarni olib boramiz», – deydi u.

Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida bo‘lib o‘tgan mazkur voqea yuzasidan o‘rganish davomida masalaga bir qadar oydinlik kiritildi. Aslida, ushbu maktabda ma'naviy-ma'rifiy ishlari talab darajadagi emasligi, ayrim mas'ullarning o‘zi ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani tufayli kelib chiqqani ko‘rinib turibdi. Shuningdek, voqeadan o‘sha vaqti xabar topgan maktab rahbariyati tegishli choralarni ko‘rmagan. Aslida, o‘sha vaqtning o‘zida holat yuzasidan tegishli organlarga huquqiy baho berish uchun xabar berilishi lozim edi.

Mazkur voqea keng jamoatchilikka oshkor bo‘lgandan so‘ng, huquq-tartibot organlari ham dastlabki surishtiruv ishlarini boshlashgan.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid