Psixotrop moddalar sirasiga qanday dori vositalari kiritildi?
Giyohvandlik — aqldan ozish, murdadek yashash degani. Bugungi kunda asr vabosiga aylangan mazkur illat yoshlar o‘rtasida kun sayin keng quloch yozib bormoqda. Agar giyohvand moddalar tarixiga nazar solsak, bundan 600 yil ilgari foydalanilgan. XIX asrga kelib, uning tarqalishi tezlashgan va og‘riq qoldiruvchi sifatida ishlatilgan. XX asr boshlarida esa dunyoning ko‘p davlatlarida aholi o‘rtasida avj olib, kasallik sifatida namoyon bo‘lgan. Bu giyohvand vositalari qo‘shni Afg‘onistonda yetishtirilib, qayta ishlanib, zaruriy kimyoviy moddalar aralashmasi qo‘shilib, qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari orqali yashirin holda turli yo‘llar bilan respublikamiz hududiga kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik illati ildiz otyapti.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yoshlar — narkotik va giyohvandlikka qarshi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi narkotik moddalar ustidan nazorat qilish Milliy Markazi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatish markazi, Toshkent shahridagi ta'lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari, malakali psixologlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar tahlil qilinib, salbiy illatlarning oldini olishda innovatsion loyihalar hamda yoshlar bilan ushbu yo‘nalishda individual ishlashning dolzarb vazifalari to‘g‘risida fikr-mulohazalar yuritildi. Shuningdek, yoshlarimiz o‘rtasida narkotikka va giyohvandlikka qarshi samarali kurashishning innovatsion yo‘llari va vositalari haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
— Bizga murojaat qilgan aksar ota-onalar farzandimni bu yo‘lga kirganini sezmay qolganini aytishadi. Buni bilmay qolish mumkin emas, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri Zarifjon Ashurov. — Psixotrop moddalarni qabul qilayotgan yoshlardagi birinchi belgi o‘qishining pasayishi, turmush tarzi va kayfiyatidagi o‘zgaruvchanlik holatlarida kuzatiladi. Keyingi alomati yuz va ko‘zlarida qizarish, uyqusining almashishida bilinadi. Bu kasallikni davolashni qancha erta boshlasak, samarasi ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Davolashda to‘g‘ri yondashuv juda muhim. Bunda ota-ona va bemorning yaqinlari uni sog‘lom hayotga qaytishiga umid uyg‘ota olishi, jamiyatga qo‘shilishiga ko‘maklashishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB, Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Sayfullo Ahmedovning ta'kidlashicha, 2018 yil yakuniga qadar jami 989 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ushbu jinoyat ishlari bo‘yicha 50 kilogrammdan ortiqroq turli xildagi giyohvand moddalari daliliy ashyo sifatida olingan. Shu yil boshidan hozirga qadar 121 ta giyohvandlik bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Ularning har biri bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tadbir qatnashchilari yurtimizdagi yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi ish-rejasi bilan yaqindan tanishtirildi. Yoshlar hayotida ommaviy madaniyat ta'siri, giyohvand vositalarning tarqalishiga qarshi kurashish masalalari muhokama etilib, amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Shu bilan birga, psixotrop moddalar inson ruhiyatiga qattiq ta'sir etishi, uni tinchlantiruvchi modda sifatida asosan tibbiyotda qo‘llanilishi haqida to‘xtalib o‘tildi. Psixotrop moddalar sirasiga tramadol, lirika, baklasan, samnol, diazepam, sibazol, valium, fenazenam kabi dori vositalari kiritildi.
— O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Respublika narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi a'zolari o‘rtasida “Yoshlar orasida giyohvand vositalarning tarqalishiga qarshi kurash” tezkor profilaktik tadbirini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma-reja tasdiqlandi. Bugun hamkorlik asosida mazkur davra suhbatini tashkil etdik – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Sharofiddin Xonimov.
Suhbat yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Talaba yoshlar bilan oliy ta'lim muassasalarida jamoatchilik asosida “Mobil” va “Profilaktika” jamoatchilik guruhlarini shakllantirishga kelishib olindi.
— Hozirda Afg‘onistondagi giyohvand moddalar zaxirasi butun dunyoni 10 yil davomida ta'minlashga yetarli darajada ko‘p, – deydi O‘zbekiston Respublikasi narkotik moddalar ustidan nazorat qilish Milliy Markazi mas'ul xodimi Mirzaboy Utiniyazov. — Biz bu moddalarni yurtimizga kirib kelishini oldini olish uchun birlashib harakat qilyapmiz. Giyohvandlikka qarshi kurashish davomida tarkibida giyohvand moddalari bo‘lgan o‘simlik turlarini O‘zbekistonga olib kirish va bu hududda o‘stirish holatlarini nazoratga olganmiz. Giyohvandlarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni davolanishga jalb etyapmiz. Davlat chegaralari orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga ham to‘siq yaratilgan. Keyingi oldimizda turgan vazifalar yoshlarni giyohvandlikning ayanchli oqibatlaridan ogoh etishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazish va bu illat ko‘chasiga kirib qolganlarni sog‘lom hayotga qaytarishdir.
Shahnoza Nurullayeva
Mavzuga oid
18:40 / 06.10.2024
Toshkentda ikki hafta mobaynida qariyb 30 kg giyohvand vositalar va psixotrop moddalar ushlandi
16:51 / 02.10.2024
Toshkentda xonadonida giyohvand moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar saqlab kelayotgan shaxs ushlandi
13:30 / 01.09.2024
Samarqandda 10 ming dollarga giyohvandlik moddasini sotayotgan shaxslar ushlandi
12:32 / 05.07.2024