Sport | 14:52 / 26.02.2019
6725
2 daqiqa o‘qiladi

Brendan Rojyers APLga qaytdi

Foto: Getty Images

«Seltik» bosh murabbiyi Brendan Rojyers klubni tark etib, «Lester»da xuddi shu lavozim egasiga aylandi. Ingliz OAVda tarqalgan ushbu ma'lumot hozircha rasman tasdiqlanmadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, shotland klubini Rojyersning o‘rniga mavsum oxiriga qadar Nil Lennon boshqarib turadi.

«Lester» 24 fevral kuni bosh murabbiy Klod Pyuel iste'fosini ma'lum qilgandi. Shundan so‘ng kecha vakant lavozimga Rojyersdan tashqari Belgiya terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Roberto Martines va «Nyukasl»ni boshqarayotgan Rafael Benites nomzodlari ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingandi.

Brendan Rojyers 2016 yilda «Seltik»ni qabul qilgunga qadar 2012-2015 yillarda «Liverpul» bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Undan avvalroq «Suonsi», «Riding» va «Uotford» klublarini boshqargan; «Chelsi»ning yoshlar jamoasiga ustozlik qilgan.

46 yoshli mutaxassis «Seltik»da muvaffaqiyatli ishlab kelayotgandi: u jamoani uch yilda ikki marotaba Shotlandiya Premer-ligasi, ikki marotaba mamlakat kubogi g‘olibligi sari boshlab bordi; ketma-ket uch marta Shotlandiya Liga kubogini qo‘lga kiritdi.

«Lester» APLda 27-turdan keyin 12-o‘rinda boryapti. Klub ertaga, 27 fevral kuni navbatdagi turni o‘z maydonida «Brayton»ga qarshi o‘tkazadi.

Mavzuga oid