Sport | 16:30 / 11.09.2022
18635
8 daqiqa o‘qiladi

«Lester»ning qulashi. Angliyaning 6 yil oldingi chempioniga nima bo‘ldi?

Sentyabr oyi keldi, APLda 6 ta tur o‘tkazildi, «Lester» esa atigi 1 ochkoga ega. Bosh murabbiy Brendan Rojyers o‘tirgan stul tobora qattiqroq qimirlamoqda, ammo vaziyatni yaxshilash uchun zarur shartlar hamon ko‘rinmayapti. Xo‘sh, nega «tulkilar» turnir jadvalining quyi pog‘onasida «mustahkam o‘rnashib olishdi»?

Foto: Getty Images

Transfer kampaniyasi

«Lester» har doim futbolchilarni muvaffaqiyatli sotish xususiyati bilan tanilgan: Maguayr, Mahrez, Chilluell, Drinkuoter va Kante transferlari haqida o‘ylab ko‘rish kifoya, ular «tulkilar»ga jami 278,7 million yevro keltirdi. Bu yoz ham mustasno bo‘lmadi: Uesli Fofana tarixdagi eng qimmat himoyachilardan biriga aylanib, 80,4 million yevro evaziga klubni tark etdi. Ammo yangi xaridlar bilan bog‘liq muammo paydo bo‘ldi – klubning qaydnomasi to‘lib ketgandi.

«Lester»da Rojyersga ham, boshqa klublarga ham kerak bo‘lmagan futbolchilar to‘planib qoldi. Bunga yorqin misol – Yannik Vestergor, o‘tgan yozda 17,6 million yevro evaziga «tulkilar» safiga qo‘shildi, biroq omadsiz seriyalari tufayli bir yil ichida bor-yo‘g‘i 10 ta o‘yin o‘tkazdi, hozirda esa hatto qaydnomaga kiritilmay qo‘ydi. Daniyalik himoyachi avvalroq «Sauthempton»da yuqori saviyasini ko‘rsata olgan bo‘lsa-da, bu yozda unga faqat «Fulhem» qiziqdi.

3 yil oldin «Arsenal»dan olingan Dennis Prat ham shunday yo‘lovchilardan biri. «Lester» lageridagi dastlabki ikki mavsumida belgiyalik futbolchi 42 ta o‘yin o‘tkazdi, 5 ta gol urdi. Ammo, 2021/22 yillar mavsumida Italiyaning «Torino» klubiga ijaraga berildi. U yerda o‘rnashib qololmadi va Angliyaga qaytdi. Hozir esa har 2-3 ta o‘yinda 15 daqiqa ko‘rinish beryapti.

Tajribali Rayan Bertran ham asosiy tarkibda o‘rnashib qololmadi. Premer-Ligada bir yil davomida 300 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tkazdi, biroq haftasiga 50 ming funt olishdan to‘xtamadi.

«Lester»ning muammosi shundaki, hozir klubda bunday futbolchilar juda ko‘p. Ular sifatli kuchayish va yangi transferlarni amalga oshirish imkonini bermaydi. Shu bois «tulkilar» butun yoz davomida faqat darvozabon Aleks Smitisni erkin agent sifatida taklif qilib, Fofana o‘rniga Vout Fasni sotib olishdi.

Rahbariyat «Nitssa»ga o‘tib ketgan darvozabon Kasper Shmeyxelga o‘rinbosar xarid qilmadi. Hozir Denni Uord asosiy tarkibda tushmoqda. Uning o‘yinlariga savollar bor: «tulkilar» har bir bahsda o‘rtacha 2,66 (!) gol o‘tkazib yubormoqda. Angliyada bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat «Bornmut» orqada.

Hujumda ham muammolar bor: yoshi o‘tib borayotgan va jarohatlarga moyil bo‘lib qolgan Jyeymi Vardiga o‘rinbosar kerak. Ammo Iheanacho ham, Daka va Peres ham 2-3 o‘yindan ortiq yuqori saviyada o‘ynashga tayyor ekanligini Rojyersga isbotlab bera olishmadi.

Natijada, so‘nggi 4 yil ichidagi hujumchilar transferini (G‘azzol, Peres, Under, Luqmon va Daka) muvaffaqiyatsiz deb atashga asos bor. Hozircha 36 yoshdan oshgan Vardi «tulkilar» aravasini bir amallab tortmoqda.

Albatta Rojyers yangi hujumkor futbolchi bilan shartnoma imzolashdan xursand bo‘lardi. Bu yozda «Lester» Pepe, Xakshabanovich, Kalayjich, Dolberg va Broyye xizmatiga qiziqish bildirayotgani haqida ko‘p yozildi. Ammo...

Jarohatlar

«Lester» shifokorlari va fizioterapevtlari Vengerning so‘nggi yillaridagi «Arsenal» tibbiy xodimlaridan saboq olishgan degan gumon bor. Aks holda, nima uchun jamoa jarohatlar epidemiyasiga muntazam duch kelayotganini tushuntirish qiyin.

Bu mavsumning o‘zida Fofana, Meddison, Evans, Barns, Bertran va Amarti shifoxonaga yotishdi. Rikardo Pereyra esa yana uzoq muddatga safdan chiqdi. O‘tgan yili jamoaning deyarli har bir futbolchisi jarohat oldi – bu muvaffaqiyatsiz mavsumning asosiy sababi sifatida ko‘rsatildi. Klubda jarohatga moyil futbolchilar to‘planib qolishi yaxshilikka olib kelmasligi aniq. Ammo ularni almashtirish uchun imkon yo‘q – qaydnoma to‘lib ketgan. Shu yerda doira yopilmoqda.

Charchoq

Bu so‘nggi paytlarda «Lester» bilan bog‘liq asosiy so‘zlardan biri bo‘lsa kerak. Rojyers va rahbariyat jarohatlar va zaif futbolchilardan charchagan, futbolchilar Rojyersdan charchagan, muxlislar esa hammasidan charchagan.

Shimoliy irlandiyalik murabbiy klubni 3,5 yildan beri boshqarmoqda – bu murabbiylarni qo‘lqopdek almashtirishga o‘rgangan Premer-Liga klublari uchun katta muddat.

Brendan jamoani yangi saviyaga olib chiqqani bilan bahslashib bo‘lmaydi, uning Kreyg Shekspir va Klod Pyuel davridan keyin kelishi ayni muddao bo‘lgan edi. Uning qo‘l ostida «Lester» qatorasiga ikki yil davomida, mavsumning 90 foizida kuchli to‘rtlikda bordi, ammo so‘nggi turlarda qandaydir mo‘jiza tufayli pastga tushib ketdi. Balki bu hodisa ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin: futbolchilar o‘z kuchiga va Rojyersga ishonchni yo‘qotib qo‘yishdi. Uning mavsum yakunidagi omadsizliklari «Liverpul» davridan beri noxush an’anaga aylandi.

«Lester»ning o‘tgan mavsumi ochiqchasiga hafsalani pir qildi. «Tulkilar»ning hozirgi holati esa bir vaqtlar bekam-u ko‘st ishlagan mexanizmda nimadir buzilib qolganini ko‘rsatmoqda. Endi klubdagi va uning atrofidagi ijobiy muhitdan asar ham qolmagan. Balki unga xuddi 3,5 yil oldingi kabi yangi murabbiy kerakdir?

Albatta, Rojyers qolgan taqdirda ham «Lester»ning quyi ligaga tushib ketishi dargumon, ammo yevrokuboklarning yoqimli hidini his qilgan «tulkilar» xo‘jayinlari mavsum yakunida 15-17-o‘rinlar bilan qanoatlanmasligi aniq.

Kuchli bosim va muxlislar g‘azabiga qaramay, «Brayton»ga 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Rojyers shunday dedi: «Hech qachon boshqaruv kengashidan yordam so‘ramaganman. Buni hech qachon xohlamaganman. Ishimni bajarishda davom etaman, ishga kelaman, o‘rganaman va qo‘limdan kelganini qilaman. Kimdir meni to‘xtatmaguncha ishimni davom ettiraman».

Aftidan Rojyers hali ham vaziyatni o‘nglay olishiga ishonmoqda, shuning uchun «Lester» muxlislari murabbiyning o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishiga umid qilmasligi kerak.

Oldinda «Lester»ni murakkab taqvim kutmayapti: «Aston Villa» (uyda), «Tottenhem» (safarda), «Nottinghem Forest» (uyda), «Bornmut» (safarda), «Kristal Pelas» (uyda), «Lids» (uyda), «Vulverhempton» (safarda). Rojyersning taqdiri mana shu o‘yinlarda hal bo‘ladi, agar «tulkilar» rahbariyati bundan oldin uni ishdan bo‘shatishga qaror qilmasa. Bunday vaziyatda muxlislarga ham, murabbiyga ham sabr-toqat, kuch-quvvat tilash qoladi, garchi ular orasidagi ziddiyat har o‘yinda kuchayib borayotgan bo‘lsa-da.

Mavzuga oid