Jahon | 11:20 / 16.04.2019
29181
3 daqiqa o‘qiladi

Rog‘un GESda ta'mirlash ishlaridan keyin suv omborini to‘ldirish boshlandi

Foto: AFP

Rog‘un GES direksiyasi suv omborini to‘ldirish boshlangani haqidagi xabarni tasdiqladi. Bir hafta avval Rog‘un GES suv omboriga to‘g‘ondagi profilaktik ta'mirlash ishlarini bajarish va birinchi gidrouzel ishini tekshirish uchun suv tushirilgani ma'lum bo‘lgandi.

«Ta'mirlash ishlari tugadi. Suv omborida 60 metrlik ko‘rsatkichga yetgach, gidrouzelning birinchi agregati qayta ishga tushiriladi», - deya xabar berdi Rog‘un GES direksiyasidagi manba. Avvalroq, rejaga ko‘ra ta'mirlash ishlari 31 martgacha davom etishi xabar qilingandi.

Rog‘un GES qurilishi bo‘yicha bosh pudratchi Salini Impregilo kompaniyasi vakillarining 15 aprel kuni xabar qilishicha, suv ombori o‘ng qirg‘og‘idagi ta'mirlash ishlari to‘liq yakunlangan hamda kompaniya muhandisi suv omborini to‘ldirish uchun ruxsat bergan.

«Rog‘un GES» OAJ vakillari 6 aprel kuni anonimlik shartiga ko‘ra, suv to‘g‘onda ta'mirlash ishlarini bajarish maqsadida tushirilgani haqida xabar qildilar. Boshqa manbalar suv tushirilishi suv omborida suv sizib chiqish bilan bog‘liq ekanini bildirishgan. Biroq, mutaxassislar bu ma'lumotni rad etdilar. «To‘g‘onni qurishda suv omborida suvni filtrlash kuzatilmoqda. Bu tabiiy jarayon va tashvishga sabab yo‘q», - deydi manba.

Bundan oldin, Tojikiston Rog‘un GES bo‘yicha Jahon bankidan yordam so‘ragandi.

Tojikiston hozirga qadar Rog‘un GESni asosan o‘z mablag‘lari hisobiga qurgan. Mamlakat Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilda ushbu maqsadlar uchun budjetdan 2 milliard 100 million somoniy (222 million AQSh dollari) ajratiladi. O‘tgan yili 4,7 milliard somoniy gidro elektr stansiyani qurishga ketdi, ulardan 3,4 milliardi - budjet mablag‘lari, qolgan qismi esa 2018 yilga Tojikistonga ajratilgan yevrobondlardan olindi.

Mavzuga oid