O‘zbekiston | 13:08 / 10.05.2019
86096
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar bo‘yicha jarimaga tortish boshlandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar bo‘yicha jarimaga tortish boshlandi. Bu haqdagi ma'lumotni Kun.uz’ga IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan tasdiqlashdi.

Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi hukumat qarori bir oy muqaddam qabul qilindi. O‘tgan bir oy davomida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish kiritildi. 

O‘zgartirishlarga muvofiq:

svetoforning taqiqlovchi ishorasida to‘xtash chizig‘i oldida to‘xtaganda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak;

Toshkent shahar va viloyat hokimlari ayrim yo‘l uchastkalarida harakat tezligini (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatish) pasaytirishga vakolatli;

aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakatli yo‘llarda to‘xtashga ruxsat etiladi;

aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport vositasi aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka ega;

kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart;

qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq ovqat va shu kabi to‘kiluvchi tovarlarini tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material yopilgan bo‘lishi kerak;

velosiped va moped haydashda rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, o‘zgartirishlar bilan 28 ta yangi yo‘l belgilari kiritildi. 

Mavzuga oid