Sport | 10:00 / 01.07.2019
7111
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya yoshlar terma jamoasi – 5 karra Yevropa chempioni

Italiyada yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati (U-21) yakunlandi.

Ispaniya va Germaniya yoshlari o‘rtasidagi final uchrashuvida ispanlarning qo‘li baland keldi – 2:1.

Bu g‘alaba bilan Ispaniya yoshlar miqyosida Yevropa chempioni bo‘lish borasida yetakchi Italiyaga yetib oldi. Endilikda ushbu ikki mamlakatda 5tadan Yevro-U21 oltin medallari bor.

Ispanlar turnirning ochilish o‘yinida mezbon Italiya yoshlariga yutqazishgan, shunga qaramay keyingi turlarda Belgiya va Polsha termalarini mag‘lub etib, guruh g‘olibi bo‘lgandi. Yarim finalda jamoa Fransiya bilan to‘qnash kelib, dastlab gol o‘tkazib yuborganiga qaramay yakunda 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Nemislar esa guruh bosqichida Daniya va Serbiyadan ustun kelib, Avstriya bilan durang o‘ynadi va guruh g‘olibi sifatida yarim finalga chiqib, Ruminiya ustidan 4:2 hisobidagi g‘alaba bilan finalga chiqan edi.

Hal qiluvchi bahsning 7-daqiqasida hisobni ochgan Ispaniya yoshlar termasi yetakchisi Fabian Ruis yakunlangan turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. «Napoli»ning 23 yoshli yarimhimoyachisi musobaqada ispanlarning 4ta golida (2+2) bevosita qatnashdi. Avvalroq unga «Real» qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Germaniya yoshlari safida 7ta gol urgan hujumchi Luka Valdshmidt musobaqa to‘purari bo‘ldi. 23 yoshli hujumchi «Frayburg» klubi a'zosi sanaladi.

Ma'lumot uchun, Italiya mezbonligidagi turnirda 12ta jamoa 3ta guruhga bo‘lingan holda kurash olib bordi. Guruh g‘oliblari to‘g‘ridan to‘g‘ri yarim finalga yo‘l olgani holda uchta ikkinchi o‘rin egasidan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bitta jamoa pley-offga chiqdi.

Chempionatning har bir o‘yinini o‘rtacha 10221 nafar muxlis kuzatib bordi.

Yevropa chempionati U-21
Final
Ispaniya U-21 – Germaniya U-21 2:1 (1:0, 1:1)
30 iyun. Friuli. 23,232 tomoshabin
Gollar: 1:0 – 7 Fabian Ruis, 2:0 – 69 Olmo, 2:1 – 88 Amiri.
Ispaniya U-21 – Sivera, Firpo, Nunes, Agirregabiria, Valexo, Sebalos, Fornals (Mayoral, 72), Mark Roka, Olmo, Oyarsabal (Soler, 55), Fabian Ruis (Merino, 78).
Germaniya U-21 – Nyubel, Klostermann, Ta, Xenrixs, Baumgartl, Serdar (Noyxaus, 61), Daud, Amiri, Eggeshtayn (Nmecha, 79), Oztunaly (Rixter, 73), Valdshmidt.
Ogohlantirishlar: Valexo (33), Nunes (71), Sivera (83).

Mavzuga oid