O‘zbekiston | 23:04 / 14.08.2019
11590
2 daqiqa o‘qiladi

Samara oblastida o‘zbekistonliklarning zaharlanishi ehtimoliy sababi ma'lum qilindi 

Foto : pixnio.com

Rossiyaning Samara oblasti shifoxonalariga Sizran tumanidan o‘tkir zaharlanish alomatlari bilan tushgan o‘zbekistonlik migrantlar kalamushlarga qarshi qo‘llanuvchi zahardan jabrlangan bo‘lishlari mumkin. Bu haqda “Volga Nyus” nashri xabar berdi.  

Ayni vaqtda odamlar zaharlangan vositaning nimaligi aniq o‘rnatilmagan va tadqiqotlar yana bir oy davom etishi mumkin. Bu haqda Tolyattidagi 1-sonli shifoxona bosh shifokori Leonid Razlivinskix xabar qildi. Biroq uning aytishicha, jabrlanuvchilar dikumarinlar (qon quyilishini kamaytiruvchi antikoagulyant bo‘lib, kalamush zaharlarida qo‘llanadi) guruhiga kiruvchi vositadan zaharlangan bo‘lishlari mumkin.

17 iyunda Samara va Tolyatti shaharlari shifoxonalariga Koshelevka qishlog‘idan turli og‘irlikdagi zaharlanish alomatlari bilan O‘zbekistonning 46 nafar fuqarosi yetkazilgan. Keyinroq jabrlanuvchilar soni 69 nafarga yetgan.

Rossiya tergov qo‘mitasida hududga kishloq xo‘jaligi ishlarida ishlash uchun 60 kishi kelgani ma'lum qilingan. Ular Sizran tumanidagi uyda yakka holda yashashgan va o‘zlariga ovqat tayyorlashgan. 

Razlivinskixning ta'kidlashicha, 14 avgust holatiga ko‘ra, 1-sonli shifoxonaning toksikologik bo‘limida zaharlanish alomati bilan keltirilgan 44 nafar kishidan 41 nafari hali ham davolanishda qolmoqda. 3 kishi sog‘ayib ketgan.

Shifokor bemorlarning ahvoli yuzasidan izohlar berishdan bosh tortgan, biroq ularga barcha zarur tibbiy yordam to‘liq hajmda ko‘rsatilayotganini ta'kidlab o‘tgan. O‘zbekistonliklarning davolanish jarayoni Samara oblasti sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan.

Mavzuga oid