Fan-texnika | 16:11 / 18.08.2019
11740
2 daqiqa o‘qiladi

Jyeyms Bondning afsonaviy avtomobili auksionda 6,4 mln dollarga sotildi

Foto: Stuart Harling/Alamy

1964 yilda Jyeyms Bond haqidagi «Goldfinger» filmini suratga olishda foydalanilgan «Aston Martin DB5» avtomobili auksionda 6,4 mln dollarga sotildi.

Kaliforniyaning Monterey shahrida – klassik avtomobillarning dunyodagi eng katta auksioni lotida g‘olib chiqqan millionerning ismi matbuotga ma'lum emas.

The Guardian xabariga ko‘ra, bu retro-mashina auksionda kutilganidan ham qimmatroqqa sotilgan va DB5 seriya avtolari ichida eng qimmatiga aylangan.

«Auksionda rekord qayd etilgani, qolaversa, mashinaga qiziqishning o‘ta yuqoriligi va uning atrofidagi shov-shuvni hisobga olib, bu DB5ni jahonning eng mashhur avtomobili deb hisoblasak bo‘ladi», – deydi auksioner Barni Ruprext.

Agent 007 haqida hikoya qiluvchi ikkita filmda Aston Martin`ning mazkur modelini haydab suratga tushgan Shon Konneri ham avtokolleksionerlarning bu DB5`ga qiziqishi bejiz emasligini ta'kidladi.

Foto: Richard Drew/AP

«Bu mashinalar bilan bog‘liq reklama kampaniyalari esimda, ular «Goldfinger» va «Sanderbol» filmlaridan keyin ular ancha mashhur bo‘lib ketgandi. O‘zim ham yaqinda ajoyib DB5 sotib olgandim», – dedi Konneri.

Montereyda o‘tayotgan avtomobil haftaligida sotuvlarning umumiy qiymati 380 mln dollarga yetishi kutilyapti. Bunda har biri 1 mln dollardan oshiqroq narxga sotilayotgan mashinalar soni yuztadan ortishi taxmin qilingan.

Mavzuga oid