O‘zbekiston | 11:38 / 30.08.2019
4935
5 daqiqa o‘qiladi

Saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish bo‘yicha yo‘riqnoma loyihasi e'lon qilindi 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Markaziy saylov komissiyasining Okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish bo‘yicha yo‘riqnoma loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 21, 23 va 25-moddalariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, saylov komissiyalari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasa va tashkilotlar uchun okrug va uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishda tavsiyaviy xarakterga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganda komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 6-8 nafar komissiya a'zosidan iborat tarkibda tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesining, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasi tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 6-8 nafar komissiya a'zosidan iborat tarkibda tuziladi.

Xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a'zolari Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.            
     
Xalq deputatlari tuman, shahar kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a'zolari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida 5-19 nafar a'zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha a'zodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi. Zarur bo‘lgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.

Uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma'lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e'tibor qozongan fuqarolar okrug va uchastka saylov komissiyasining a'zosi bo‘lishi mumkin.

Boshqa saylov komissiyalarining a'zolari, siyosiy partiyalarning a'zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a'zosi bo‘lishi mumkin emas.       
     
Uchastka saylov komissiyasi a'zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas. Uchastka saylov komissiyasi a'zolarining qolgan yarmini shakllantirishda quyidagi zahiralardan foydalanish tavsiya etiladi:

saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega, aholi o‘rtasida obro‘-e'tibor qozongan fuqarolar;

tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatga olingan ishsiz fuqarolar;

nodavlat notijorat tashkilotlari (Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi, Nogironlar jamiyati, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqalar) vakillari;

huquqiy bilim va malakaga ega shaxslar (yuriskonsultlar, advokatlar, h.k.);

xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar.

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati kompyuter dasturlari bilan ishlash uchun har bir okrug va uchastka saylov komissiyasi tarkibida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida bilim va amaliy ko‘nikmaga ega kamida ikki nafar shaxs (asosiy va zaxira) bo‘lishi tavsiya etiladi.

Saylov komissiyalari tarkibida, shu jumladan rahbarlik lavozimlarida, erkak va ayollarning teng vakilligini ta'minlashga e'tibor qaratiladi.

Mavzuga oid