O‘zbekiston | 14:12 / 06.09.2019
9050
4 daqiqa o‘qiladi

Mingbuloq va Pop tumanlarida agrosanoat klasteri tashkil etilyapti

Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining Mingbuloq va Pop tumanlarida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Altintoprak Pamuk Tekstil Tarim Nakliyat Sanayi Ve Ticaret Limited Sirketi" kompaniyasi (Turkiya) o‘rtasida 2019 yil 15 may kuni o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan;

ushbu o‘zaro anglashuv memorandumida 30 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga Namangan viloyatining Mingbuloq va Pop tumanlarida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, urug‘chilik sohasini rivojlantirish, issiqxona komplekslarini barpo etishni nazarda tutuvchi agrosanoat klasterini tashkil qilish nazarda tutilgan;

agrosanoat klasterini tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalar ishtirokida “Art Soft Holding" mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan;

“Art Soft Holding” MChJ va uning tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalari tomonidan 2019-2022 yillarda 114,2 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Namangan viloyati hokimligi hamda “Altintoprak Pamuk Tekstil Tarim Nakliyat Sanayi Ve Ticaret Limited Sirkeli” kompaniyasining (Turkiya):

Namangan viloyatining Mingbuloq va Pop tumanlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini, xorijiy banklarning kredit liniyalari va tijorat banklarining kredit liniyalarini jalb qilish hisobiga agrosanoat klasterini tashkil qilish loyihasini amalga oshirish;

“Art Soft Holding” MChJni ro‘yxat bo‘yicha agrosanoat korxonalaridan iborat tarkibda tashkil etish;

“Art Soft Holding” MChJ tarkibiga kiradigan “Art soft tex cluster” fermer xo‘jaligiga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari mahsulotlarini, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik hamda issiqxona mahsulotlarini yetishtirishni tashkil qilish maqsadida Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida belgilangan tartibda umumiy 30,9 ming gektar, shundan 27,1 ming gektar ekin maydoni hamda Pop tumanida umumiy 31,5 ming gektar, shundan 24,7 ming gektar ekin maydonini 50 yilgacha bo‘lgan, biroq o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar Agrosanoat klasterining asosiy vazifalari etib belgilandi:

tuproq unumdorligini oshirish, ekin yerlaridan oqilona va samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

ilm-fanning ilg‘or yutuqlarini, paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishning zamonaviy va samarali usullarini, ilg‘or innovatsion agrotexnik va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlashning samarali usullari va texnologiyalarini qo‘llash;

qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish;

issiqxona komplekslarini rivojlantirish:

logistika markazlarini tashkil etish;

ilmiy va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, seleksiya hamda urug‘chilik yo‘nalishida qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlari va duragay urug‘larini yaratish sohasida tadqiqotlar o‘tkazish.

‘‘Art Soft Holding” MChJni uning tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalari tomonidan 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining prognoz parametrlari tasdiqlandi.

Mavzuga oid