O‘zbekiston | 00:49 / 14.09.2019
29039
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida ko‘chma fotoradarlar soni ko‘paytirildi

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati

Toshkent viloyati ko‘chalarida belgilangan tezlik me'yoridan oshirib harakatlanayotgan avtomobillarni aniqlash maqsadida ko‘chma fodoradarlar soni ko‘paytirildi. Toshkent shahrini barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘llari Toshkent viloyati hududidan o‘tadi. Ayrim haydovchilar Toshkent shahriga qisqa vaqtda borib, tezroq ishlarini bitirib, ortga qaytish maqsadida tezlikni belgilangan me'yoridan oshirib yuboradi. Bu, o‘z navbatida, turli og‘irlikdagi yo‘l-transport hodisalariga olib kelmoqda, deb xabar qiladi Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati. 

Hozirgi kunda Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi YTHlarning oldini olish maqsadida M-39 avtomobil yo‘li, A373 “Toshkent-O‘sh” hamda 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘” avtomobil yo‘li, 4R2 “Toshkent sh.-To‘ytepa sh.-A373 avtoyo‘li” va asosiy og‘ir yo‘l transport hodisalari sodir bo‘ladigan 4R20 “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘llarida onlayn rejimda ishlovchi 8ta ko‘chma fotoradarlar qo‘llanilmoqda. Xalq tili bilan aytganda “uch oyoqli radar”lar sutkaning 24 soati mobaynida 4000dan ortiq tezlikni me'yoridan oshirish holatlarini aniqlab, qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma'lumotlarni “O‘zbekiston pochtasi” orqali qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchi yoki yuridik shaxsning manziliga yuborilmoqda. 

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati

Shu munosabat bilan Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi belgilangan tezlikni oshirib, ham hayotga, ham hamyonga ziyon yetkazmaslikni tavsiya qiladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid