Jamiyat | 12:11 / 17.09.2019
8155
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda yangi arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi

«O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan hududlarda ehtiyojmand oilalar uchun ko‘p qavatli arzon turar-joy binolari qurib foydalanishga topshirilmoqda. 2019 yilgi davlat dasturi doirasida respublikada 355ta ko‘p qavatli arzon turarjoylar qurilishi belgilangan bo‘lib, shundan 35tasi Toshkent viloyati hududiga to‘g‘ri keladi. Angren shahridagi 5ta ko‘p qavatli turarjoy binosi qayta rekonstruksiya qilinishi ham dasturdan o‘rin olgan. Bu yil viloyatning Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlarida 10tadan, Bekobod, Ohangaron  va Bo‘stonliq shaharlarida esa 5tadan ko‘p qavatli arzon turarjoylar qad rostlamoqda.

Bo‘stonliq tumanida qurilgan zamonaviy arzon uy joylarnining kalitlari o‘z egalariga topshirildi. Ushbu uylar yosh oilalar, nogironligi bor shaxslar va uy joyga muhtoj bo‘lgan boshqa toifalardagi aholiga 20 yillik imtiyozli kreditlar asosida berildi. Har bir ko‘p qavatli uy 2 va 3 xonali 30 xonadondan iborat. Qurilishda asosan mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Sifat nuqtai nazardan zamon talablariga to‘la javob beradi. Tashqi kommunikatsiya va obodonlashtirish ishlari ham to‘liq yakunlangan. Ushbu qurilish ishlari «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Akobir avto trans” MChJ quruvchilari tomonidan bunyod etildi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan nuroniylar bugungi yangilanish va bo‘layotgan islohotlarni e'tirof etishdi. Yangi xonadonlarning sohiblari ulkan quvonch va ko‘z yoshlar ila ushbu bunyodkorlik yillar davomida kutilgan orzusi ekanligini ta'kidlashdi. Tadbirda kuy-qushiqlar yangradi. Yangi xonadonlar sohiblariga kalit bilan birgalikda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng qurilish-bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning hayoti yaxshilanib, kelajakka umid hissi yanada kuchaymoqda. Ayniqsa, hududlarda barpo etilayotgan  ko‘p qavatli arzon uy-joyga ega bo‘layotgan yosh oilalarning quvonchi cheksiz.

Mavzuga oid