Jamiyat | 16:31 / 19.11.2019
21745
6 daqiqa o‘qiladi

«Daraxt ekishga joy qolmaguncha to‘xtamaymiz» – «Yuksalish» harakati raisi bilan suhbat

Daraxt ekish, ko‘chat o‘tqazish bo‘yicha aksiyalar o‘tkazilishi haqida tez-tez xabarlar chiqib turibdi. Yaqinda «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan ham shunga o‘xshash «Bir millionta daraxt» aksiyasi o‘tkazilayotgani ma'lum qilindi. Bu aksiyaning boshqalaridan farqli jihati aholi tomonidan mablag‘larning jalb qilinishi bo‘ldi va bu qator muhokamalarni keltirib chiqardi.

Kun.uz muxbiri mazkur aksiya, uning maqsadi va o‘tkazilish tartibi yuzasidan «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov bilan suhbatlashdi.

─ Akmal Eshondedayevich, «Bir millionta daraxt» aksiyasining maqsadi nimalardan iborat?

– «Bir millionta daraxt» aksiyasi 24 oktabr kuni Nukus tumanida boshlangan edi. Ushbu aksiyani o‘tkazishga bir necha sabablar bor. So‘nggi paytda daraxtlarning noqonuniy kesilishi muammosi dolzarb  masala sifatida jamoatchilik tomonidan ko‘tarilyapti. O‘zbekistonda ekologik vaziyatning keskinlashgani kuzatildi. Shu o‘rinda daraxt ekish aksiyasini jadallashtirish borasida bir qator takliflar bizga kelib tushdi. Bunday tashabbus ayniqsa xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz tomonidan faol ilgari surildi. Biz bu aksiya orqali shunday xarakterdagi barcha tadbirlarni umumlashtirishni maqsad qildik.

Birinchidan, daraxtlarning kesilishi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda katta muammo sanaladi. Statistikaga ko‘ra, bir yilda dunyo bo‘yicha 130 ming kv.km maydondagi daraxtlar kesiladi. Bu – 17 mingta stadion sathiga teng. Bu yo‘qotishni kompensatsiya qilish maqsadida barcha mamlakatlarda bunday aksiyalar o‘tkaziladi.

Ikkinchidan, daraxtlar kesilmagan taqdirda ham texnologiya rivojlanyapti, zavodlar qurilyapti, aholi soni ko‘payyapti. 1 gektar yerga ekilgan daraxt bir yilda 8 kg karbonat angidridni yutib oladi va 6 kg kislorod ishlab chiqaradi. Yoki yarim gektar yerga ekilgan daraxt bir avtomobilning 42 ming km yo‘l bosib chiqargan karbonat angidridini yutishini aytishimiz mumkin. Shuning uchun faqatgina kesilgan daraxtlar o‘rniga yangisini ekish emas, iqlim o‘zgarishiga qarshi muvozanatni ushlab turish ham kerak.

─ Aksiyaning aholi mablag‘lari asosida o‘tkazilishi muhokama, ba'zida e'tirozlarga ham sabab bo‘ldi.

─ Chindan ham yana xalqdan pul talab qilinadimi degan fikrlar bildirildi. Ta'kidlashim joizki, bu aksiyaning eng asosiy shiori ixtiyoriylik hisoblanadi. Hech kimdan, ayniqsa aholidan majburiy tarzda pul talab qilish nazarda tutilmagan.

Aksiya uchun maxsus hisob raqam ochildi. Unga hozirga qadar 700 ming so‘m pul tushgan. Bu mablag‘ning bir so‘mi ham hali ishlatilgani yo‘q. Hozirga qadar aksiya doirasida 400 mingga yaqin yangi daraxt ekilgan bo‘lsa, bularning barchasi homiy davlat tashkilotlari, obodonlashtirish boshqarmalari, viloyat hokimliklari, xalqaro tashkilotlar ko‘magi asosida qilindi.

─ Noqonuniy tarzda daraxt kesilish holatlariga ko‘p guvoh bo‘ldik. Bu qonun buzilishlari natijasida kompensatsiya pullari ham undirildi. Shu jarima mablag‘larini aksiyaga jalb qilish masalasi ko‘rildimi?

─ Kompensatsiya mablag‘lari davlat budjetiga, Ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi tashkilotlari hisobiga kelib tushadi. Hozirga qadar amalga oshirilgan aksiyalarda daraxt ekish uchun shu mablag‘lardan ham foydalanilganini qayd etish kerak.

─ Aksiya uchun jalb qilingan mablag‘ taqsimotining shaffofligi qanday ta'minlanadi?

─ Aksiya uchun alohida veb-sahifa va Telegram-kanal ochilgan. Ularda qaysi hududda qanday daraxt ekilgani, o‘tkazilgan mablag‘lar uchun qancha daraxt xarid qilingani haqida kunlik hisobotlar berib boriladi. Istagan fuqaro bu hisobot bilan tanishib borishi mumkin.

─ Daraxt ekish aksiyalari juda ko‘p o‘tkazilyapti. Aksiyalar o‘tadi, lekin undan keyin ko‘chatlarning ahvoli hech kimni qiziqtirmaydi. Ko‘cha-ko‘yda qurib yotgan yosh ko‘chatlarni ko‘p uchratamiz.

─ Bu aksiyaga tayyorgarlikni biz yoz oylaridan boshlaganmiz. Bir qator ekspertlar bilan hamkorlik olib borildi. Respublikaning qaysi qismida qanday daraxt ekilishi kerakligi bo‘yicha ilmiy tavsiyalar olindi. Har bir hududning iqlim ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda shu yerga chidamli ko‘chat navlari tanlandi.

Shu bilan birga, daraxtlar ekilgan hudud uchun, har bir ko‘chat uchun mas'ul shaxslarni biriktirib qo‘yish belgilangan. Masalan, ta'lim binosi yonida daraxtlar ekilgan bo‘lsa, shu muassasa daraxtlarning keyingi holati, parvarishi uchun mas'ul qilib belgilanadi.

Aksiyada ishtirok etish uchun faqatgina pul mablag‘larini o‘tkazish talab etilmaydi. Istaganlar ko‘chatning o‘zini olib kelishi, o‘zi ko‘chat ekish jarayonida yordam berish orqali hissasini qo‘shishi ham mumkin.

Har kim o‘z xonadonida daraxt ekmoqchi bo‘lsa, bu haqida bizga xabar bersa ham aksiyada ishtirok etgan hisoblanadi. Biz unga qanaqa daraxt turini tanlash, uni o‘tqazish bo‘yicha tavsiyalar berishimiz, talab etilsa, mutaxassislarni yordamga jalb qilishimiz mumkin. Shuningdek, daraxt ekkan har bir shaxsga mazkur aksiyada ishtirok etganligi uchun sertifikat taqdim etiladi.

Bu aksiya – bir martalik piar tadbir emas. Har yili an'anaviy ravishda kuz (oktabr ─ dekabr) va bahor (fevral ─ aprel) oylarida mazkur aksiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biz O‘zbekistonda daraxt ekish uchun bo‘sh joy qolmaguncha bu aksiyani davom ettirishni maqsad qilganmiz.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid