Jamiyat | 22:36 / 20.11.2019
7674
3 daqiqa o‘qiladi

Ro‘yxatga olish bilan aholining muayyan davrdagi «fotosurati» yaratiladi – Davstatqo‘m

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi.

19 noyabr kuni hujjat muhokamasi yuzasidan «O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asoslari» mavzusida seminar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, hujjatni ishlab chiqishda Yevropa statistiklari konferensiyasining tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanilgan. Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Armaniston, Tojikiston, Moldova, Litva, Latviya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganilgan.

Seminarda ta'kidlanishicha, «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tizimga solishni ta'minlaydi va mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi fotosuratini olish imkoni paydo bo‘ladi.

Jarayonda aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi (kam sonli aholisi bor millatlar), ma'lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma'lumotlar yig‘iladi va qayta ishlanadi. 

Shuningdek, ro‘yxat ma'lumotlarni xalqaro ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash va turli reytinglarda respublikaning munosib o‘rnini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi aprel oyida e'lon qilingandi. Loyiha ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga uchinchi o‘qish uchun yuborilgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston hududida aholini ro‘yxatga olish ilk marta 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, o‘shanda aholi soni 3,9 mln. kishini tashkil etgan. Keng miqyosli amaliyot oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan va o‘shanda aholi soni 19,7 mln. kishini tashkil etgan. 2019 yilning 1 oktabr holatiga joriy hisob bo‘yicha O‘zbekiston aholisi 33,7 mln. kishini tashkil etadi.

Mustaqillik yillaridagi ilk ro‘yxatga olish tadbirlari 2022 yil kuziga belgilangan. Ayni jarayonda uylarning ham ro‘yxati tuziladi.

Mavzuga oid