Jamiyat | 18:38 / 24.11.2019
53636
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatiga bosh imom-xatib tayinlandi

Andijon viloyatining yangi bosh imom-xatibi etib tayinlandi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Hazrat Usmonxon Alimov raisligida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Abdug‘ofur Ahmedov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Mirzamaqsud Xotambekovich Alimov viloyatning yangi bosh imom-xatibi etib tayinlangan.

Mirzamaqsud Alimov 2017 yil mayidan buyon «Sayyid Muxyiddin Maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri sifatida ishlab kelayotgandi. U yangi lavozimida 2019 yilning avgustida Toshkent shahri bosh imom-xatibi lavozimiga o‘tgan Nuriddin domla Xoliqnazarov o‘rnida ish boshlaydi.

Mirzamaqsud Alimov 1973 yilda Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida tug‘ilgan. 1996 yilda Toshkent islom institutini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - imom xatib, arab tili mudarrisi, islomshunos.

U 1996-2014 yillarda Jalaquduq tumanidagi So‘fi qishloq jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan, 2006-2017 yillarda Andijon viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari bo‘lgan, 2017 yilning 25 mayida «Sayyid Muxyiddin Maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid