O‘zbekiston | 08:26 / 26.11.2019
82965
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yana bir mahsulot importini keskin qisqartirishga qaror qildi

Foto: iStock

Yog‘och-qirindili plitalar hamda ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, importni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi. Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zkimyosanoat” AJ, Moliya vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda:

respublikaga import qilinayotgan yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini narxlarini tahlil qiladi va bojxona to‘lovlarini to‘liq to‘lanishini ta'minlash uchun ularga bazaviy narxlarni belgilash choralarini ko‘radi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga muayyan investitsion majburiyatlar asosida, atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda tabiiy qamishzorlarni 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga bepul foydalanishga berish tizimini joriy etadi;

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan “formalin 37 foiz” hamda “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan “karbamid A” mahsulotlariga qo‘llanilayotgan narxlarni tahlil qiladi va monopol yuqori narx qo‘llash holatlarini oldini olish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda g‘o‘zapoya, qamish va boshqa mahalliy o‘simliklar asosida yog‘och-qirindili plitalar ishlab chiqarishga qo‘yiladigan umumiy texnik talablar ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta'minlaydi.

Bunda, xalqaro talablarga muvofiq mahsulotning yuqori darajada konstruktiv mustahkamligi va xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini mahalliy xom-ashyodan ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan uslubiy qo‘llanmalarni yaratadi va o‘zining rasmiy veb-saytiga bepul tarzda joylashtiradi.

 Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

respublikaga import qilinayotgan 1 metr kub yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlariga (TIF TN kodi 4410), 2020 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 25 AQSh dollari hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 30 AQSh dollari miqdorida aksiz solig‘i joriy etiladi.

Yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlarini qamish, g‘o‘zapoya va boshqa mahalliy o‘simliklardan ishlab chiqaruvchi korxonalarga (TIF TN kodi 4410) 2020 yil 1 yanvardan 2022 yil 1 yanvarga qadar muddatda quyidagi ko‘rinishdagi soliq va bojxona imtiyozlari beriladi:

yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha foyda solig‘i, yer va mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod etish;

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha korxonalar tomonidan import qilinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, qamish va g‘o‘zapoyani o‘rib olinishi va ulardan yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan texnika vositalari, asbob-uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etish. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining buyurtmalari bo‘yicha respublikada yog‘och qirindili plitalar ishlab chiqarishni rivojlantirish va zamonaviy texnikalarni o‘zlashtirish yuzasidan taklif etayotgan xorijiy mutaxassislar va ko‘rgazmalarning xorijiy ishtirokchilariga kirish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlaydi (haqiqiy xarajatlarni qoplash yig‘imlari bundan mustasno).

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining buyurtmalari bo‘yicha yog‘och qirindili plitalar ishlab chiqarishni rivojlantirish va zamonaviy texnikalarni o‘zlashtirish yuzasidan jalb qilingan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishi, berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek vaqtincha ro‘yxatga olish, yashash manzili bo‘yicha hisobga olinishi va ularning uzaytirilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid