Sport | 19:42 / 13.12.2019
11430
8 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» va «Real»da jiddiy sinovlar. Hafta o‘yinlari anonsi

Dam olish kunlari muxlislarni Yevropada bir qator markaziy o‘yinlar kutib turibdi. Tribuna.uz shanba va yakshanba kunlari quyidagi beshta qiziqarli uchrashuvni tomosha qilishni tavsiya etadi. Bunday o‘yinlarda shiddat kafolatlanadi.

«MANCheSTeR YuNAYTeD» - «EVeRTON»

Angliya Premer-ligasi. 17-tur

15 dekabr (yakshanba)

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

O‘tgan haftada Joze Mourino qo‘l ostidagi «Tottenhem» va Pep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti»ni mag‘lub etgan «Manchester Yunayted» Sulsher ustozligidagi eng muhim g‘alabalariga erishdi. Ammo, «MYu» o‘ziga kelmoqda, deyishga hali erta. Sababi, manchesterliklar Premer-liganing grandlarini qaqshatayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘rtamiyona va autsayderlar bilan o‘yinlarda “Robin Gud” misoli ochko ulashishmoqda. «Yunayted»ning ushbu mavsumdagi mag‘lubiyatlariga e'tibor berilsa, Sulsher shogirdlari asosan turnir jadvalining ikkinchi qismidan joy olgan klublarga mag‘lub bo‘lgan. Bu turda ularga xuddi shunday klublardan biri «Everton» to‘qnash keladi. Marku Silva iste'foga chiqarilgach, «Everton» Dankan Fergyuson qo‘l ostidagi dastlabki o‘yinda «Chelsi» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Liverpulliklar «Old Trafford»da ham oldingi o‘yinlarda «Kristall Pelas», «Aston Villa» amalga oshirgan ishni uddalash ilinjida kelishadi.

Manchesterdagi o‘zaro 3ta o‘yin:

2018/19. MYu – Everton 2:1

2017/18. MYu – Everton 4:0

2016/17. MYu – Everton 1:1

«ReAL SOSeDAD» - «BARSeLONA»

Ispaniya La Ligasi. 17-tur.

14 dekabr (shanba)

O‘yin boshlanish vaqti: 20:00

TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

La Liganing ushbu turidagi markaziy uchrashuv San-Sebastianda o‘tkaziladi. Turnir peshqadami «Barselona» «El-Klasiko» oldidan ashaddiy raqibining nomdoshi «Real Sosedad» mehmoni bo‘ladi. San-Sebastianliklar ushbu mavsumning kashfiyot jamoalaridan biri bo‘lib turishibdi. Imanol Alguasil shogirdlari 4-o‘rindan joy olgan. Ushbu bahs ikki tomon uchun muhim ahamiyatga ega. Mezbonlar mavsumdagi eng katta sinovdan o‘tishsa, mehmonlar esa muhim o‘yin oldidan jiddiy sinovga duch kelishadi. «Real Sosedad» mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, jadvalda 6-7-o‘ringa tushib ketish xavfi bo‘lsa, Ernesto Valverde jamoasi ochko yo‘qotgan taqdirda «klasiko»ga peshqadam sifatida kela olmasligi mumkin. Shunday ekan, Messi va uning jamoasi uchun San-Sebastiandagi o‘yin shunchaki “repetitsiya” yoki peshqadamlikdan ayirgan bahs bo‘lib qoladi.

San-Sebastiandagi o‘zaro 3ta o‘yin:

2018/19. Real Sosedad – Barselona – 1:2

2017/18. Real Sosedad – Barselona – 2:4

2016/17. Real Sosedad – Barselona – 1:1

«VULVeRHEMPTON» - «TOTTeNHEM»

Angliya Premer-ligasi. 17-tur

15 dekabr (yakshanba)

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

Turnir jadvalida yonma-yon borayotgan ikki portugaliyalik murabbiylar – Nunu Eshpiritu Santu qo‘l ostidagi «Vulverhempton» va Joze Mourino boshchiligidagi «Tottenhem» klublari o‘rtasidagi bahs shiddatli va murosasiz o‘tishi aniq. G‘alaba ikki jamoaga bir-biridan uzoqlashish imkonini beradi, qolaversa 3 ochko bilan beshlikka kirib olish ehtimoli ham yo‘q emas. «Bo‘rilar» o‘z uylarida peshqadam jamoalarga qarshi qanday o‘ynashni juda yaxshi bilishadi. Shunday ekan, «Taqachilar»ni ham bu yerda oson o‘yin kutmaydi. Mezbonlar so‘nggi 9 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchrashgani yo‘q. So‘nggi safar bahsida «Old Trafford»da mag‘lub bo‘lgan Mourino esa, ketma-ket mehmondagi ikkinchi uchrashuvda ham mag‘lubiyatga rozi bo‘lmasa kerak.

Londondagi o‘zaro 3ta o‘yin:

2018/19. Vulverxempton – Tottenhem – 2:3

2011/12. Vulverxempton – Tottenhem – 0:2

2010/11. Vulverxempton – Tottenhem – 3:3

«ARSeNAL» - «MANCheSTeR SITI»

Angliya Premer-ligasi. 17-tur

15 dekabr (yakshanba)

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

Dushanba kuni «Vest Hem»ni mag‘lub etib, nihoyat 7 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ygan «Arsenal»ni kelayotgan turda yana bir jiddiy sinov kutib turibdi. Freddi Yungberg boshchiligidagi «Kanonirlar» Londonda amaldagi chempion «Manchester Siti»ga qarshi saf tortishadi. «Arsenal» so‘nggi ikki mavsumda muxlislari qarshisida bu raqibga mag‘lubiyatga uchramoqda. Ammo hozirga kelib «Manchester Siti»dan avvalgi mag‘lubiyatlar uchun revansh olishning ayni vaqti. Gvardiola shogirdlari chempionlikni deyarli qo‘ldan boy berishdi, qolaversa so‘nggi turda ashaddiy raqibi «Manchester Yunayted»ga o‘z uyida mag‘lubiyatga uchrab, jiddiy zarbani qabul qilishdi. APLda nokaut holatidagi «shaharliklar»ni «Arsenal» ham mag‘lub eta olsa, Gvardiolaning klubdagi faoliyati so‘roq ostida qolishi mumkin. Aks holatda esa Yungberg murabbiylik kursisini yangi bosh murabbiyga topshirsa, ajabmas. Har qanday holatda ham bizni «Emireyts» o‘yingohida ajoyib bahs kutib turibdi.

Londondagi o‘zaro 3ta o‘yin:

2018/19. Arsenal – Man.Siti – 0:2

2017/18. Arsenal – Man.Siti – 0:3

2016/17. Arsenal – Man.Siti – 2:2

 «VALeNSIYa» - «ReAL»

Ispaniya La Ligasi. 17-tur.

15 dekabr (yakshanba)

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

«El-Klasiko» oldidan «Real» «Barselona»dan farqli o‘laroq 3 kun emas, 2 kun dam oladi, xolos. Yakshanba oqshomida Zidan shogirdlarini yana bir azaliy raqib «Valensiya»ga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. «Mestalya»dagi qarama-qarshilik Madrid klubi uchun jiddiy sinov sanaladi. «Qirollik klubi» «Valensiya»ga qarshi safarda o‘tgan so‘nggi 5 mavsumdagi o‘yinlardan bor yo‘g‘i bittasida mehmondan g‘alaba qayta olishdi. Qolaversa, sentabr oyida «ko‘rshapalaklar»da ish boshlagan Albert Selades «Valensiya»ni yaxshi sport formasiga chiqara oldi. Klub so‘nggi 8 o‘yindan faqatgina ikkitasida mag‘lubiyatga uchragan. La Liga doirasidagi mezbonlikdagi o‘yinlarida 9ta bahsdan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Ushbu turdagi «Real» ustidan g‘alaba jamoani 4-o‘ringa chiqarishi mumkin. O‘z o‘rnida Zidan shogirdlarining ham La Ligadagi g‘alabali seriyasi 4ta o‘yinga yetdi. Kataloniyadagi uchrashuvga xushkayfiyatda borish uchun ham madridliklar g‘alabali yurishlarini davom ettirishlari talab etiladi. «Real» chorshanba kuni Barselonaga qanday holatda yetib borishiga bu o‘yinning ahamiyati katta.

Valensiyadagi o‘zaro 3ta o‘yin:

2018/19. Valensiya – Real Madrid – 2:1

2017/18. Valensiya – Real Madrid – 1:4

2016/17. Valensiya – Real Madrid – 2:1

Usmon Ibodov

Mavzuga oid