O‘zbekiston | 19:40 / 17.12.2019
20036
3 daqiqa o‘qiladi

MIB: Qarzdorlik uchun hisob raqamni «bloklash» amaliyoti vaqtincha to‘xtatiladi

Qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun bankdagi hisob raqamiga taqiq qo‘yish amaliyoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi va Markaziy bank vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan «Jismoniy shaxslarning hisob raqamlariga qo‘yilayotgan taqiq masalalari» mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

Ma'lum qilinishicha, yetkazib berilgan energiya va suv ta'minoti, suv chiqarish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdorlik, shuningdek, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta'minlash sohasida qarzdor jismoniy shaxslarning hisob raqamlarini bloklash va hisobdan chiqarish amaliyoti vaqtincha to‘xtatiladi. Shuningdek, turli shakldagi qarzdorlikni ixtiyoriy to‘lov muddatida amalga oshirmaganlik uchun shaxsning bankdagi hisob raqamini (palstik karta hisobi) bloklab qo‘yish amaliyoti 2020 yilning 1 iyul sanasiga qadar to‘xtatiladi. Hozirga qadar bloklangan hisob raqamlari uchun ham ijro to‘xtatiladi.

«Qarzdor jismoniy shaxsdan pulni undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushganda davlat ijrochisi (MIB vakili ─ tahr) qarzdorga u to‘lov qilishi kerakligi haqida xabar beradi. Ko‘p hollarda shaxs safarda bo‘lgani yoki turli sabablarga ko‘ra bundan bexabar qolishi mumkin. Natijada to‘lov uchun berilgan ixtiyoriy muddat tugaydi. Davlat ijrochisi qarzdorning bankdagi mavjud hisob raqamidan foydalanishni vaqtincha cheklash (bloklash) haqida bankka murojaat qiladi.

Qarzdor byuroga kelib to‘lovlarni amalga oshirgandan keyin ham ish darrov bitmas edi. Byuro qarzdorlik qolmagani haqida shaxsga ma'lumotnoma qilib berishi, bu qog‘oz ma'lumotnomani jismoniy shaxs bankka olib borishiga to‘g‘ri kelardi. Shu kabi noqulaylik va ovoragarchiliklarga barham berish maqsadida tizim takomillashtiriladi. Shu bois, hisob raqamni bloklash amaliyoti vaqtincha to‘xtatiladi», deya Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari Shavkat Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, byuro va bank o‘rtasida elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Bu qarzdor kerakli to‘lovlarni amalga oshirgandan so‘ng o‘z hisob raqamini osonlik bilan va qisqa fursatda ishga tushira olishi uchun imkon yaratadi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid