Light | 17:45 / 21.12.2019
14642
3 daqiqa o‘qiladi

London timsollaridan biriga aylangan qizil telefon budkalari haqida nimalarni bilasiz?

Londonga sayohat qilgan kishi borki, u yerdagi mashhur qizil telefon budkasini ko‘rgan va uning shahar bo‘ylab keng tarqalganiga e'tibor qaratgan. Lekin ko‘pchilik ham uning ommalashish tarixidan boxabar emas. Kun.uz jamoasi Angliyaga safari davomida shaharga ko‘rk berib turuvchi ushbu «kichik obida» bilan qiziqdi.

Angliyada dastlabki telefon kioskalari 1921 yilda paydo bo‘lgan bo‘lib, shartli ravishda K1 (Kiosk 1) deb nomlangan, ammo bu model keyinchalik ishlab chiqarilgan qizil telefon budkalaridan farq qilgan. K1 betondan ishlangan bo‘lib, vazni juda og‘ir bo‘lgani sababli ommalashmagan. Hozirda Buyuk Britaniya bo‘ylab K1 namunasidagi telefon budkalaridan faqat oltitagina saqlanib qolgan.

K1 dunyo yuzini ko‘rgandan uch yil o‘tib, yangi namunadagi telefon kioskalarini ishlab chiqarish harakati boshlanadi. Ushbu maqsadda 1924 yil tanlov e'lon qilinib, unda uch nafar mashhur arxitektor – Robert Lorimer, Jon Burnet hamda Gilz Gilbert Skot o‘z loyihalari bilan ishtirok etadi. Yakunda Gilbert Skotning loyihasi g‘olib deb e'lon qilinib, K2 paydo bo‘ladi.

K2 oldingi namunadan yaxshiroq bo‘lsa-da, hajm jihatdan kattaligi va keng ko‘lamda ishlab chiqarish qimmatga tushishi sabab yana yangi loyihaga ehtiyoj tug‘iladi. 1927 yildan 1934 yilgacha bo‘lgan davrda K3, K4 va K5 namunalari taqdim etiladi, ammo ularning hech qaysi biri ommalashmaydi. 1935 yilda, Qirol Jorj beshinchining taxtga kelganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan yangi model – K6 taqdim etiladi. Oradan bir yil o‘tib, ya'ni 1936 yildan boshlab K6 ommaviy ravishda ishlab chiqarila boshlanadi. Balandligi 2.4 metr, og‘irligi 762 kilogramm bo‘lgan ushbu namuna tez orada butun mamlakat bo‘ylab keng yoyiladi va Buyuk Britaniyaning o‘ziga xos «turizm brendi»ga aylanadi.

1959 yilda loyixalashtirilgan va 1962 yilda taqdim etilgan K7 namunasi o‘zini oqlamagani bois atigi o‘n ikkita shunday telefon qutisi ishlab chiqariladi, xolos. 1968 yildagi K8 esa K6 singari sezilarli darajada ommalashgan, deb aytish mumkin. Uning loyiha muallifi Bryus Martindir.

Garchi hozirga kelib, uyali aloqa vositalari ommalashib, telefon budkalariga ehtiyoj qolmagan bo‘lsa-da, Angliyaning mashhur «qizil qutilari» sayyohlar uchun Londonga tashrif buyurishga o‘ziga xos «bahona» vazifasini o‘taydi.

Mavzuga oid