«Qanday yasaganimni o‘zim bilmayman». Kreml buyurtmalarini yasovchi o‘zbek muztarosh hikoyasi
Rossiyaga safarimiz chog‘ida imkon qadar turli kasb-kor bilan shug‘ullanib kelayotgan vatandoshlarimiz ila uchrashib, ular bilan suhbatlashishga harakat qildik. U yerda, O‘zbekiston uchun mutlaqo yot bo‘lgan hunar – muztaroshlik bilan shug‘ullanuvchi vatandoshimiz Jahongir To‘ychiyev faoliyati bizda qiziqish uyg‘otdi.
G‘irt jaydari bulung‘urlik Jahongirning so‘zlariga ko‘ra, u 15 yildirki, Rossiyaga kelib-ketadi. Muztaroshlikni o‘rganib, mohir usta bo‘lib yetishgach, mavsumiy kelib keta boshlagan. «Biroq, bungacha oson bo‘lgani yo‘q, uzoq tarix», - deya hikoya qiladi Jahongir.
Jahongir dastavval qurilish kompaniyasida quruvchi bo‘lib ishlagan. Shu orada, yashash joyiga yaqin binoda muztaroshlik qiluvchilar ishiga qiziqib qolgan Jahongir shu hunarni o‘rganishga kirishgan. Balki, yuragim jiz etgandir, deydi u. Vatandoshimizning ta'kidlashicha, inson biror maqsadni o‘z oldiga qo‘yar ekan, unga yetishmaguncha har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishi, maqsadga erishish yo‘lidagi turli xil to‘siqlarga bardosh bera olishi kerak, shunga shay bo‘lishi lozim.
«Birga ishlaydiganlar ruslar edi. U vaqtlarda rus tilini ham yaxshi bilmas edim. Lekin, brat pomogi, deb so‘rab-so‘rab, harakat qilib, o‘rganib oldim. Mana, endilikda, ularning o‘rnida o‘zim ishlayapman. Avvallari boshlig‘im menga unchalik ishonmagan bo‘lsa, hozirda, eng murakkab va qiyin buyurtmalarni menga ishonib topshiradi.
Qancha-qancha xalqaro tanlovlarga bordim. Bilasizmi, o‘sha tanlovlarda erkin mavzu bo‘lib qolsa, vatanimdagi binolarning aksini yasashga harakat qilaman. Chollarni yasashga urinaman. Masalan, bir safar Registonni yasaganman. Shu vaqtgacha, lof bo‘lmasa, 30-40tagacha tanlovda ishtirok etgan bo‘lsam, 2-o‘ringacha oldim. Lekin, endi birinchi o‘rinni olaman, deb o‘ylayman. Vatanim bayrog‘i ko‘tarilib, O‘zbekiston, deya e'lon qilinganida odam o‘zida o‘zgacha bir faxr-iftixor hissini tuyadi. Nasib bo‘lsa, fevral oyida Latviyada xalqaro tanlov bo‘ladi. Sport bo‘lishi shart emas. Bu ham shu singari vatan dovrug‘ini dunyoga taratishga hissa qo‘shadi», - deydi muztarosh.
Uning qayd etishicha, u nafaqat muzdan shu kabi san'at asarlarini yasay oladi, balki qum va gipsdan ham ayni ishni bajarishi mumkin. «Toshdan yasab ko‘rmadim, ammo undan ham yasay olsam kerak», - deya ishonch bildiradi Jahongir.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda bu hunar yo‘q. Lekin, aslida, imkoniyat yaratilsa, bu ham turizmni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘sha oladi. Misol uchun, qish mavsumida xalqaro tanlovlar uyushtirilsa, qishki dam olish maskanlari rivojiga turtki bo‘lar edi.
«2 yil avval bir tanlovga borganimda, ko‘pchilik, O‘zbekiston issiq yurt bo‘lsa, sen qayerdan bilasan, deb qiziqishdi. Bizda ham hozirda keng imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. Qaniydi, sharoit qilib berishsa, shu ish bilan shug‘ullanuvchi xorijliklarni chaqirsak-da, tanlovlar o‘tkazsak. Ular kelishga shay. Qolaversa, faqat qish mavsumida yasash degan narsa yo‘q. Yozda qumdan yasasa bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘masa, birov tegmasa, yoz tugaguncha turadi», - deya ta'kidlaydi muztarosh.
Qizg‘in suhbatning to‘liq shaklini videolavha orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024