Vazir o‘rinbosari ayrim klasterlar fermerlarga to‘lov qilolmayotgani sababini tushuntirdi
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahodir Xoliqov yangi tashkil qilingan klasterlarning fermerlardan olgan mahsulotlari uchun to‘lovni amalga oshira olmayotgani haqida gapirdi.
Xalqaro press-klubning 5 fevraldagi sessiyasida qishloq xo‘jaligi sohasi muhokama qilindi.
Sessiyada qishloq xo‘jaligi klasterlarining fermer xo‘jaliklaridan olgan mahsulotlari uchun to‘lov qilolmasligi bilan bog‘liq holatlarga izoh so‘raldi. Savolga Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahodir Xoliqov javob berdi.
«Men hali bunday holatga guvoh bo‘lmadim. Klasterlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida fyuchers shartnomasi tuzilgan. Balki klasterlarda olingan mahsulotni qayta ishlash, realizatsiya qilish, aylanma mablag‘lar masalasida ozgina cheklov bo‘lgandir.
Aylanma mablag‘larning paydo bo‘lmayotgani esa klasterlar tashkil topganiga hali ikki yil bo‘lgani bilan bog‘liqdir. Ularda ishlab chiqarish holatlari hali to‘la rivojlanmagan. Ularda tuzilma endi shakllanyapti.
Masalan, paxtachilik klasterlarida tola olish, chigitdan moy olish, tayyor, yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari to‘la shakllangandan keyin mahsulot sotiladi. O‘sha mablag‘dan ishlab chiqarishga ketgan mablag‘larning o‘rni qoplanadi va aylanma mablag‘ shakllanadi.
Siz aytgan holat ham bitta-yarimta bo‘lishi mumkin. Lekin aksariyat fermerlarda bunday muammo yo‘q», deya vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir o‘rinbosaridan so‘nggi vaqtlarda aynan qaysi hududlardagi maydonlar paxta va g‘alla yetishtirishdan ozod qilingani haqida ham so‘raldi.
«Men ikkala ekin turini ekmayotgan tumanni aynan misol keltira olmayman. Lekin paxta ekmaydigan tuman bor, g‘alla ekmaydigan tuman bor. Paxta ekmayotgan tumanlar sifatida Andijonning Asaka va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanlarini misol keltirishim mumkin», dedi u.
Vazir o‘rinbosari paxtachilikdan yaqin yillarda chiqarilgan tuman sifatida Toshkent viloyatining Zangiota tumanini keltirdi. Ammo, bu tuman mustaqillik yillarida umuman paxta ekilmagan tumanlardan biri hisoblanadi.
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
20:28 / 01.11.2024