Jamiyat | 23:20 / 27.04.2020
42511
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim hududlarda kuchli shamol tufayli elektr ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda

Foto: FVV

Ayni paytda O‘zbekistonning turli hududlarida, jumladan Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yomg‘ir aralash kuchli shamol oqibatida yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi podstansiyalarda avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi tufayli favqulodda o‘chish holatlari yuz bermoqda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bergan ma'lumotga ko‘ra, jamiyat tasarrufidagi barcha podstansiyalar va havo liniyalariga xizmat ko‘rsatuvchi texnik-muhandislar kuchaytirilgan tartibda xizmat qilishmoqda, navbatchilar safiga qo‘shimcha brigadalar jalb etilgan, barcha texnika va kerakli jihozlar shay holatga keltirilgan.

«Ayni soatlarda favqulodda o‘chish oqibatlari bartaraf etilmoqda. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun iste'molchilardan uzr so‘raymiz», – deyiladi mutasaddi tashkilot izohida.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan foto va videolardan kuchli shamol natijasida ayrim uylarning tomiga ziyon yetganini ko‘rish mumkin. Avtomobillarni daraxtlar ostida qoldirmaslik tavsiya etilmoqda.

Jumladan, kuchli shamol Buxoro viloyatida keltirib chiqargan oqibatlar aks etgan fotosurat va videolavhalar tarqaldi.

Mavzuga oid