Jamiyat | 16:16 / 02.05.2020
23421
4 daqiqa o‘qiladi

Rizqingiz barakali bo‘lishini istaysizmi?

Foto: KUN.UZ

Alloh taolo Yerda Odam bolalarini O‘ziga o‘rinbosar qilishni iroda qilar ekan, ularning baxtiyor, farovon hayot kechirishlari uchun ko‘rsatmalarni ham berib qo‘ydiki, ularga amal qilgan odam albatta bu dunyoda xotirjam va baxtli yashashi shubhasiz. Abadiy oxirat diyorida esa, jannatga ham erishadi.

Bu dunyo hayotida ko‘pchiligimizni eng ko‘p qiziqtiradigan va tashvishga soladigan narsa, shubhasiz, rizq masalasidir. Odamlarning aksari rizq deya, halol yoki harom yo‘lning qay biri orqali bo‘lsin, unga erishish va uni ko‘paytirish qayg‘usi bilan yashaydigan bo‘lib qolgan. Hatto, rizq talashgan yaqinlar, aka-ukalar, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nizolar chiqib, yuz ko‘rmas bo‘lib ketayotganlarini eshitmoqdamiz.

Alloh taolo Qur'oni karimda, har bir jonzot borki, rizqi O‘zining zimmasida ekanligini ta'kidlaydi. Shu bilan birga, biz rizq tushunchasini ham yaxshi anglab yetmog‘imiz darkor. Rizq bu faqatgina pul va molu dunyoni anglatmaydi, balki odamzodning boshiga keladigan barcha yaxshi va yomon narsalarning hammasi rizqdir.

Misol uchun turmush qurish, farzandli bo‘lish, yaxshi sog‘liqqa va xotirjam hayotga ega bo‘lish, yoki aksincha biror bir xastalikka chalinish, bir qiyinchilik-musibatni boshdan kechirish, bularning hammasi Alloh tomonidan berilgan rizqdir.

Hadislarda kelganidek, odamzod ona qornida 120 kunlik bo‘lganida farishtalar uning bu dunyoda qanday rizqqa ega bo‘lishini yozib qo‘yishar ekan. Shu bilan, ba'zi bir insonlar baxtli va xotirjam hayotga ko‘p pulga, boylikka ega bo‘lish orqali erishish mumkin, deb o‘ylaydilar. Lekin inson puli qanchalik ko‘paygani sari, uning g‘amlari ham ko‘payish ehtimolini ham unutmaslik lozim.

Rizqning ko‘p bo‘lishi uning barakali ekanligini, yoki aksincha, baraka rizqning mo‘l-ko‘lligida emas. Rizqning barakali yoki barakasiz bo‘lishi bir xil miqdordagi rizqdan olinadigan manfaatning davomiy va ko‘p bo‘lishi yoxud bo‘lmasligi bilan belgilanadi.

Alloh taolo Ra'd surasi 26-oyatida:

«Alloh xohlagan kishisining rizqini keng qilur va (xohlaganinikini) tor qilur. Ular bu dunyo hayoti ila shod bo‘ldilar. Holbuki, bu dunyo hayoti oxirat oldida arzimas matoh, xolos», - deya, istagan bandasining rizqini keng qilishini, xohlagan bandasining rizqini tor qilishi bildirar ekan, insonlarga rizqni ko‘p va barakali bo‘lish yo‘llarini Qur'oni Karim va hadislar orqali ta'lim beradi.   

Rizqning barakali bo‘lishiga erishish mumkinmi?

  • Allohga taqvo qilish, ya'ni Uning buyurgan amallarini bajarish va qaytargan narsalardan yiroq bo‘lish. 
  • Ko‘p istig‘for aytishlik va tavba qilishlik bilan rizqning barakali bo‘lishiga erishiladi;
  • Silai rahim, ya'ni qarindosh-urug‘chilik rishtalarini bog‘lash, uni davom ettirish kishining umri va rizqi barokatli bo‘lishi omillaridir;
  • Doimiy sadaqa qilish, chunki oz bo‘lsa-da davomli solih amal Allohga maqbul bo‘lgan amallardan hisoblanadi;
  • Allohning bergan ne'matlariga shukr qilishlik va har bir ne'mat Alloh tarafidan ekanligini e'tirof etishlik;
  • Boshqalarga mehribonlik ko‘rsatish va qo‘ldan kelgancha yordam berishlik.
  • Har bir ishni boshlashda Alloh nomi bilan, ya'ni Bismillahir Rohmanir Rohiym deb boshlash;
  • Hadislarda keltirilgan zikrlarni doimiy aytib yurishlik (ertalab va kechqurun o‘qiladigan zikrlar ham shular jumlasidan). 

Mavzuga oid