Jamiyat | 20:40 / 14.05.2020
23818
5 daqiqa o‘qiladi

Baliqchidagi maktab psixologlari karantin davrida maoshsiz qoldirilgan. Nega bunday bo‘ldi?

Andijon viloyatining Baliqchi tumani 2-umumta'lim maktabi psixologlaridan murojaat kelib tushdi. Arznoma bo‘yicha Baliqchi tumaniga borib, ikki ayolning muammolarini o‘rgandik.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu maktabda 1,5 stavka psixolog shtati mavjud bo‘lib, unda ikki xodim ish yuritadi. Bir stavka asosida ishlovchi psixolog Barchinoy Shermatova maktabda ishlash bilan bir vaqtda Andijon davlat universitetining maxsus sirtqi Boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishi 3-bosqichida o‘qiydi. 0,5 stavkada faoliyat yuritayotgan Ibodat Dadamirzeva esa universitetning maxsus sirtqi Pedagogika va psixologiya yo‘nalishi 2-bosqichida tahsil oladi. Aprel oyi uchun har ikki xodimga oylik ish haqi yozilmagan.

Ularning bildirishicha, har ikki psixologga maktab direktori aprel oyi uchun ish haqi yozilmagani va bu masala bo‘yicha tuman XTBga uchrab, aniqlik kiritishlari lozimligini aytadi. Ular tuman XTBning 2-umumta'lim maktabiga biriktirilgan hisobchisi bilan telefon orqali bog‘lanishadi. Hisobchi vaziyatni «sizlar vakant shtatida turganingiz uchun karantin davrida oylik yozilmaydi», deya izohlaydi.

Xodimlar bu masalada XTB iqtisodchisidan biroz boshqacharoq mazmunda javob olishadi. Tuman XTB iqtisodchi «aprel oyida ish haqi tushmaganligi sababi, sizlar tarifikatsiyadan o‘tmagansizlar. Shtatlaringiz esa hozirgi paytda vakant», deb javob beradi.

«Oliy ta'lim muassasasida kontrakt asosida o‘qiyman. Undan tashqari, 2 nafar farzandim ham universitetning kunduzgi bo‘limida shartnoma asosida o‘qiydi. Tushgan ish haqimning barchasi farzandlarimning to‘lov shartnomasi uchun o‘tkazayotgan edim. Karantin davrida maoshsiz qolib har tomonlama qiyinchilikda qoldik», deydi maktab ruhshunosi Barchinoy Shermatova.

Ular Andijon davlat universitetidagi boshqa tumanlarda ham xuddi o‘zlari singari psixolog bo‘lib ishlayotgan guruhdoshlari bilan bog‘lanishganida ularga oylik berilganini aytishgan.

«Andijon viloyat XTB tashxis markazi tomonidan berilgan topshiriqlarni maktabda ochilgan barcha telegram guruhlarga tarqatib, topshiriqlarni berib boryapmiz. Nega bizga maosh berilmaganiga hayron bo‘lyapmiz», deydi ikkinchi ruhshunos Ibodat Dadamirzayeva.                                                           

Biri 2018/2019 o‘quv yilidan ikkinchisi esa 2019/2020 o‘quv yilidan shtatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bu psixologlar muammoga aniqlik kiritish maqsadida 9 may kuni Xalq ta'limi vazirligining telegram aloqa botiga murojaat yo‘llashadi. Vazirlikning javob xatida «bu holat noqonuniyligi», ularga ish haqi to‘lanishi kerakligi bildirilgan.

«Hukumatning hech qaysi buyrug‘ida bunday ko‘rsatma berilmagan. Faqat XTVning 105-sonli buyrug‘ida shunday ko‘rsatmalar berilgan. Lekin, buni sizning vaziyatingizga umuman aloqasi yo‘q. Bizningcha, direktor va O‘TIBDO‘ sizga ushbu buyruqni asos qilib, oylik to‘lashda xatolikka yo‘l qo‘ygan», deyilgan vazirlik javobida.

Tuman xalq ta'limi bo‘limida

Muammoga aniqlik kiritish maqsadida Baliqchi tumani Xalq ta'limi bo‘limi bosh hisobchisi G‘olibjon Yusupov bilan suhbatlashdik.

«Haqiqatan ham 2-umumta'lim maktabi psixologlariga ish haqi to‘xtatilgan. Sababi, ayni paytda bu xodimlar nomutaxassis. Andijon viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘ida 1 apreldan ta'lim muassasalarida bo‘sh (vakant) dars soatlari va lavozimlari bo‘yicha shtat birliklariga ishga qabul qilinishi yoki xodimlar o‘rtasida taqsimot qilinishi to‘xtatilishi ko‘rsatilgan.

Lekin xodimlar o‘rtasida taqsimot qilish bu mavhum. Chunki, bu xodimlar oldindan ishlab kelmoqda. Bu shtatlar ayni vaqtda vakant. Shuning uchun bu xodimlar nomutaxassis bo‘lgani uchun ish haqi hisoblanmagan. Muammoni hal qilish uchun viloyat boshqarmasiga yozma murojaat qilganmiz», deydi bosh hisobchi.

Xodimlardan biri ikki yildan buyon, ikkinchisi bir yil davomida maktabda ishlab kelmoqda. Shunday ekan, ularning shtati vakant hisoblanayotgani ajablanarli. Xalq ta'limi vazirligi ham xodimlarning bergan savoliga oylik maoshi to‘xtatilishi qonunga xilofligini bildirgan.

Karantin payti xodimlar ish haqining to‘xtatilishi ular uchun qiyinchiliklar tug‘dirishi aniq.

Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ushbu masalada xodimlar manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qiladi, deb umid bildirib qolamiz.

Sarvarbek Nazarov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid