O‘zbekiston | 20:08 / 04.06.2020
13498
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari markazlari abituriyentlar hujjatlarini qabul qilmaydi – DXA

Joriy yilda abituriyentlar respublika OTMlariga Davlat xizmatlari markazlari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Kun.uz’ning Davlat xizmatlari agentligidagi manbasi xabar berishicha, davlat xizmatlari markazlari orqali abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmasligi bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlangan.

Haqiqatan ham 2020 yilning 2 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining «Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 7 iyundagi 468-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tiladi.

Ya'ni, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan loyihaga ko‘ra, abituriyentlardan hujjatlar 2 xil usulda qabul qilinishi mumkin:

  1. Davlat test markazi sayti orqali;
  2. my.gov.uz portali orqali.

Loyihaga ko‘ra, amaldagi hujjatlardagi davlat xizmatlari markazlarining ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishini nazarda tutuvchi normalar bekor qilinmoqda.

Bundan oldinroq, Davlat test markazi direktori Majid Karimov bu yil abituriyentlardan hujjatlar davlat xizmatlari markazlari, Yagona davlat interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasining muhokamasi 2020 yil 17 iyuniga qadar davom etadi. Muhokama davomida aholi fikr va takliflari asosida hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid