O‘zbekiston | 11:54 / 10.07.2020
21220
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar va aviaqatnovlar ham to‘xtatilmoqda

Transport vazirligi 13 iyuldan mahalliy yo‘nalishdagi poyezd va aviaqatnovlar ham to‘xtatilishini ma'lum qildi. Kuchaytirilgan karantin davrida faqatgina maxsus komissiya tasdiqlagan parvozlar jadvaliga muvofiq xorijdagi vatandoshlarni olib kelish uchun reyslar amalga oshiriladi.

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashirmatov AOKAda o‘tkazilgan brifingda yangi karantin cheklovlari davrida jamaot transportlari harakati to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Bugundan, 10 iyuldan barcha jamoat transporti harakati to‘xtatildi. Bu cheklov avtobuslarga ham tegishlidir.

13 iyul, dushanba kunidan boshlab esa mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlar va aviaqatnovlar harakati ham to‘xtatiladi. Kuchaytirilgan karantin davrida faqatgina maxsus komissiya tasdiqlagan parvozlar jadvaliga muvofiq xorijdagi vatandoshlarni olib kelish uchun reyslar amalga oshiriladi. Chegara hududlardagi fuqarolarni karantin hududlariga yetkazish uchun avtobus tashuvlari amalga oshirilishiga ruxsat beriladi», dedi u.

Uning ta'kidlashicha, cheklovlar davrida karantin muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni reabilitatsion markazlarga va yashash manzillariga yetkazish temiryo‘l va avtobus orqali markazlashgan holda tashkil etiladi.

«10 iyuldan 1 avgustgacha bo‘lgan muddatda 5 900ta chipta yo‘lovchilarga sotilgan. Karantin cheklovlari kuchaytirilib, poyezdlar harakati to‘xtagani tufayli barcha chiptalar yo‘lovchilarga to‘liq qaytariladi.

«Uzbekistan Airways» AJ tomonidan esa Toshkent-Nukus, Toshkent-Urganch, Toshkent-Termiz yo‘nalishida amalga oshirilgan parvozlarga esa 330ta aviachipta sotilgan. Bu aviachiptalarning amal qilish muddati 1 yil davomida saqlanib qoladi. Vaziyat barqarorlashishi bilan yo‘lovchilar bu chiptalardan foydalanishi mumkin», dedi Transport vazirligi vakili. 

  • Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston temir yo‘llari» 23 mart kuni respublika bo‘ylab yo‘lovchi tashish faoliyatini to‘xtatgandi.
  • 18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yildi.
  • 15 iyundan «sariq» va «yashil» hududlari o‘rtasida poyezdlar qatnovi qayta tiklandi, Toshkentdan Samarqandga «Afrosiyob» poyezdi qatnay boshladi.
  • Uzbekistan Airways ham 23 martdan mamlakat ichidagi barcha aviaqatnovlarni bekor qilgan, may oyida parvozlar tiklangandi.

Mavzuga oid