O‘zbekiston | 20:55 / 12.07.2020
149196
7 daqiqa o‘qiladi

Kasallik alomati bo‘lmagan bemorlar uyda qanday davolanishlari kerak? Ekspert tavsiyalari

Kun.uz saytining bugungi mehmoni Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Odilova bo‘ldi. Yetakchi mutaxassis bilan uyda davolanuvchi bemorlarga beriladigan tavsiyalar bo‘yicha suhbatlashdik.

– Barno opa, dastlab bir narsaga aniqlik kiritib olaylik – kimlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi?

– Avval kasallikka chalingan inson bilan muloqotda bo‘lganidan, chet mamlakatlarda bo‘lib qaytganidan yoki ixtiyoriy ravishda test topshirganidan so‘ng natijalar musbat chiqsa, kasallikning hech qanday belgilari bo‘lmasa ham bu bemorga koronavirus tashxisi qo‘yiladi.

Bunday bemorlarning ambulator sharoitda, ya'ni o‘z uylarida nazoratda bo‘lishlariga ruxsat beriladi. Albatta bunday holatda bemorning uydagi sharoiti (alohidalash imkoniyati), yosh bolalar, keksalar va og‘ir bemorlarning yo‘qligi (yoki ularni alohidalash imkoniyati) hamda uning og‘ir surunkali kasalliklari bor-yo‘qligi ahamiyatga olinadi.

Shu bilan birga, alohida yaratilgan sharoitlar mavjud bo‘lsa, kasallikning yengil kechuvchi shakli ham ambulator sharoitda davolanishga ruxsat berish mumkin.

– Bemor barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha uyda davolanishga mos deb topildi. Endi unga qanday tavsiyalar beriladi?

– Bunda bemor va uning qarindoshlari quyidagilarga ahamiyat berishlari shart:

Birinchi navbatda bemor alohidalanishi, xonaga kirish va chiqish qat'iy chegaralanishi kerak.

Ikkinchidan, ajratilgan xona derazalari bor, shamollatish imkoniyati bo‘lishi shart. Bu xona kuniga 3-4 mahal shamollatilishi yoki deraza oynasi ko‘p vaqt ochiq bo‘lishi kerak. Konditsionerlardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur, chunki ular xonadagi havoni quritish bilan birga, noto‘g‘ri foydalanilganda shamollashga sabab bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, xonada har 2-3 soatda namli tozalash ishlari o‘tkazilishi zarur. Bu bilan bemordan havo tomchi yo‘li bilan ajralgan virusni turli sathlarga o‘tirib qolishi va shu orqali oilaning boshqa a'zolariga yuqishining oldi olinadi.

To‘rtinchidan, bemorning shaxsiy buyumlari (idish-tovoq, sochiq, kiyim-kechak) 60 darajadan yuqori haroratdagi suvda alohida yuvilishi va zararsizlantirilishi kerak.

Beshinchidan, havo issiqligini ahamiyatga olgan holda, kuniga 3-5 litrgacha iliq holdagi suyuqlik ichilishi kerak. Bunda sovuq va gazli, shirin ichimliklar qat'iy man qilinadi. Suyuqliklar asosan mineral suv, iliq choy (limonli, zanjabilli, qoqili choy), kompot, turli dorivor o‘simliklar damlamasi bo‘lishi mumkin. Suyuqlikning ko‘p miqdorda berilishi virusning ta'siridagi zaharlanish – intoksikatsiyani kamaytirish bilan birga, qonning quyilib qolishiga yo‘l bermaydi. Suyuq qon orqali shifobaxsh o‘tlar, oziq-ovqat orqali olingan vitamin va minerallar har bir organga to‘liq yetib boradi.

Oltinchidan, bemor kuniga kamiga 5 mahal ovqatlanishi zarur, bunda soat 11:00 va 16:00da tolma choy beriladi. Asosan suyuq ovqatlar, kuniga 400 grammdan kam bo‘lmagan meva va sabzavotlar, sut mahsulotlari va ko‘katlarni iste'mol qilishi zarur. Yog‘li, qovurilgan, achchiq, sho‘r va yarim holda tayyor ovqatlar (hot-dog, gamburger, chips va boshqalar) xamir taomlardan vaqtincha voz kechish kerak.

Baxtimizga hozir ayni pishiqchilik mavsumi. Meva va sabzavotlarga alohida ahamiyat qaratish zarur, chunki ular tabiiy vitaminlar manbayi hisoblanib, ayniqsa virus yuqqan davrda tarkibida S vitamini ko‘p bo‘lgan na'matak, olma, petrushka, ukrop, qizil bulg‘or qalampiri, karam kabi darmon bo‘luvchi mahsulotlar hamma uchun muhim.

Shuningdek, bemor o‘rinda uzluksiz yotmasdan, ertalabki badantarbiya va kun bo‘yi 10 daqiqadan bir necha marta oson jismoniy mashqlarni bajarishi kerak. Bu mashqlar orqali organizmda qon aylanishi yaxshilanadi va organlar to‘laqonli ishlashi ta'minlanadi.

Bemor bu davrda alkogol va tamaki mahsulotlarning zararli ta'siri yana ham ko‘p bo‘lishini unutmasligi kerak.

– Deylik, kasallikka xos ayrim belgilar paydo bo‘ldi, bunda nima qilinadi? Hozir hamma joyda turli-tuman tavsiyalar ko‘payib ketdi, ularning qay biri to‘g‘ri?

– Birinchi e'tibor qilishimiz kerak bo‘lgan jihat – har bir organizm va kasallik kechishi o‘ziga xos va shunga qarab davo uslubi tanlanadi. Shuning uchun shifokor nazorati bejiz olib borilmaydi.

Umumiy tavsiyalarga kelsak – belgilar paydo bo‘lganidan keyin, ularning yaqqollik darajasiga ko‘ra shifokor bemorning nazorat taktikasini o‘zgartiradi. Bunda tana harorati ko‘tarilsa (38,5 daraja va undan yuqori holatda) isitma tushiruvchi aspirin va uning muqobillarini, tomoq va bo‘g‘imlarda og‘riqlar, yo‘tal kabi belgilar paydo bo‘lganda antibiotik yoki virusga qarshi preparatlarni tavsiya qiladi.

Bilib-bilmay dori-darmonlarni qabul qilish orqali bemorlarda kasallikning asoratlanishiga olib kelishi ehtimoli bor. Masalan, isitma yoki tomoqdagi og‘riqni to‘liq davolamay og‘riqnigina vaqtincha qoldirish hisobiga kasallik yanada chuqurroq ildiz otishi, yoki antibiotiklar qabul kilsak u virusga ta'sir qilmay, jigar, ichaklar yoki buyrakka nojo‘ya ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuning uchun har qanday holatda ham shifokor maslahatiga quloq tutish, oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faol bo‘lish muhim.

– Gigiyenik talablar qanday?

– Virusning zararli ta'sirini kamaytirish maqsadida bemor tez-tez qo‘lini sovunlab yuvishi, kuniga imkon qadar 2 marta cho‘milishi zarur. Shuningdek, qo‘rinadigan shilliq qavatlar - og‘iz va burunni iliq holdagi tuzli eritma bilan kuniga 4-5 marta chayib turish muhim, tomoqni chayishda yod tomizilsa ham bo‘ladi.

Bemorda koronavirus kasalligiga taaluqli bo‘lgan hech qanday belgilar bo‘lmasada, o‘zida avvaldan kasalliklari mavjud bo‘lsa, bu kasalliklarni davolash muhim, bunda doimiy ichib yurgan dorilarni shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qilishda davom etishi kerak.

Kasallik alomati bo‘lmasa ham, ambulator sharoitda qoldirilgan bunday bemorlar oila shifokorlari tomondan tizimli nazoratda bo‘ladi. Ya'ni oila shifokori kuniga 1-2 marta bemor va uning qarindoshlari bilan telefon orqali bog‘lanib, uning holidan xabar oladi. Mazkur holatda bemor o‘zida paydo bo‘lgan oddiy belgilardan, garchi ular ahamiyatsiz tuyilsa ham tibbiyot xodimini voqif qilishi zarur.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid