Iqtisodiyot | 16:33 / 16.07.2020
8191
4 daqiqa o‘qiladi

Bozorda raqobatni cheklaydigan litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinmoqda

Raqobat – bozor iqtisodiyoti rivojlanishi uchun eng muhim tamoyillaridan biri. Bozorda tadbirkor qancha ko‘p bo‘lsa, raqobat muhiti shuncha jonli va sog‘lom bo‘ladi. Raqobat muhiti shakllanishi uchun avvalo tadbirkorning bozorga kirishi oson va to‘siqlardan xoli bo‘lishi zarur. Tadbirkorlik faoliyatini olib borish qoidalarini belgilashda davlat ma'muriy regulyativ usullari bilan bozorga kirishni qiyinlashtirib qo‘ymasligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Iqtisodiy regulyativ usullardan biri – bu litsenziya va ruxsatnomalardir. Bunda fuqarolarning sog‘lig‘i, hayoti va xavfsizligi va boshqa zaruriy manfaatlaridan kelib chiqib, davlat ayrim tadbirkorlik faoliyati turlari bilan litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan shug‘ullanishni taqiqlashi mumkin.

Bugungi kunga kelib, litsenziya talab etiladigan faoliyat turlari soni 266ta, ruxsatnoma olish talab etiladigani esa 137ta.

Adliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, litsenziya va ruxsatnoma berish tizimidagi muammolarni aniqlash maqsadida 40 mingga yaqin tadbirkorlar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 32 foizi litsenziya to‘lovlarining yuqoriligi, 23 foizi berish muddati kechikishi, 22 foizi ortiqcha hujjatlar talab etilishi, 3 foizi vakolatli organlar tomonidan pul yoki xizmatlar talab etilishi kabi muammolarni qayd etib o‘tgan.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birga tizimdagi muammolar birma-bir tahlil qilinish natijasida «Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur loyihada qariyb 100ta litsenziya va 35ta ruxsatnoma bekor etilishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyihada litsenziya talab va shartlari bilan bog‘liq 115ta litsenziya va ruxsatnoma olish tartib-taomillarini yanada soddalashtirish hamda 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilish nazarda tutilmoqda.

Loyihadagi yana bir muhim o‘zgarishlardan biri – litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi. Bugungi kunda litsenziyalarning faqat 103ta turi (39%), ruxsatnomalarni esa 26ta turi (20%) elektron tarzda berib kelinmoqda.

Loyihaga ko‘ra, hozirgi maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, endilikda QR-kod qo‘yilgan elektron hujjatlar taqdim etish orqali barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni taqdim etish va korrupsiogen faktorlarga chek qo‘yadi.

Bundan tashqari, davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi ham bekor bo‘lmoqda. Mazkur qoida davlat korxonalarini xususiy tadbirkorlardan ustun qo‘yishga, bozorda teng bo‘lmagan sharoitlarning yaratilishiga, davlat korxonalarining monopol mavqega ega bo‘lib qolishiga olib kelayotgan edi.

Shuningdek, bundan keyin yangi turdagi litsenziyalar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ijobiy xulosa berilgan taqdirdagina joriy etilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berishni asossiz rad etish hamda ruxsat etish tartib-taomillari uchun yig‘imlar miqdorini shakllantirilishining asosliligi ustidan nazorat Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Xulosa qilib aytish mumkinki, loyihada nazarda tutilgan o‘zgarishlar natijasida tadbirkorlarning bozorga kirishi yengillashadi, bu esa bozorda raqobat muhitini yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.

Xusain Radjapov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
«Biznes huquqi» kafedrasi mudiri

Mavzuga oid