Light | 20:43 / 31.07.2020
47940
4 daqiqa o‘qiladi

999.99 - peshtaxtalarda narxlar nega yaxlit ko‘rsatilmaydi?

Narxlar to‘rt turga bo‘linadi: chegarali narx – $37. Oxiriga nol qo‘shilgan chegarali narx – $37,00. Aniq narx – $36,75. Jozibador narx – $36,99.

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlarda 99 sent, Angliyada 99 pens, Rossiyada 99 kopeyka, bizda 99 so‘m. Ko‘pchilikni o‘ylantiradigan savol: nega ko‘p mahsulotlarning narxi 99 yoki 90 soni bilan tugaydi? Shuni yaxlit qilib nol bilan tugatsa bo‘lmaydimi?

Jozibador narxlar

Psixologlar ilgari surgan nazariyaga ko‘ra, 99,99 va 100 dollar qiymatlari inson miyasida mutlaqo bir-biridan farq qiladi.

Iqtisod Plus’ning yozishicha, iqtisodiy nuqtayi nazardan, 99,99 dollar va 100 dollar deyarli bitta narsa, farq 0.01 foiz (foizning yuzdan bir qismi)ni tashkil etadi. Ushbu qiymat shunchalik kichikki, aksariyat iqtisodiy hisob-kitoblarda unga e'tibor ham berilmaydi.

Inglizlar oxiri to‘qqiz bilan tugaydigan narxlarni charm prices, ya'ni «jozibador narxlar» deb atashadi. O‘tgan asrning oxirida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, har qanaqa narxga qaraganda oxirgi raqami to‘qqiz bilan tugaydigan tovarlar ko‘proq sotiladi.

Qizig‘i shundaki, tajriba uchun hattoki narxi $36 turadigan tovarni atayin $39 qilib belgilashadi. Natija hayratlanarli – narxi oshgan tovarning savdosi 30 foizga ko‘payadi.

Birinchi raqam hammasidan ham muhim

Xaridor narxni chapdan o‘ngga o‘qiydi va o‘z-o‘zidan chapdagi birinchi raqam eng muhimi degan fikr miyaga o‘rnashib qolgan. Masalan, kitobning narxi 19,999 so‘m bo‘lsa, odamlar buni «19 mingdan sal oshiqroq» sifatida qabul qilishadi va arzon deb bilishadi. Holbuki, bu kitob 20,000 so‘m tursa, xaridorda uning narxi qimmat degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Yana bir qiziq tajriba. Do‘konda kartoshkali chip qadog‘ining kichigi 3 dollar, kattasi 5 dollardan sotilmoqda deylik. Odamlar uchun o‘rtadagi 2 dollarlik farq kichik bo‘lib ko‘rinadi va katta qadoqdan sotib oladi. Ammo agar kichik qadoq narxini 2.99 dollar, kattasini 4.99 dollar qilib belgilasangiz, odamlar uchun ular o‘rtasidagi narx kattadek tuyuladi va aksariyat kichkina qadoqni xarid qiladi.

«To‘qqizlik» narxlardan yirik kompaniyalar ham foydalanib keladi. Masalan, Apple. O‘z vaqtida Stiv Jobs iTunes Stores'dagi qo‘shiqlarni albom shaklida emas, har biri uchun 99 sentdan qilib, donalab sotishni taklif qiladi. Natijada dastlabki 6 kun ichidayoq 1 millionta qo‘shiq sotiladi.

Chaqalar evaziga gazeta

Bunday shakldagi narxning paydo bo‘lishi gazetachilik savdosi bilan bog‘liq degan qarashlar mavjud. Bu yerda Chicago Daily News gazetasi asoschisi Melvill Stounning kichik ayyorligi haqida gap ketmoqda. 1876 yillarda AQShda faqatgina 1 penslik, 5 penslik va 10 penslik mayda tangalar mavjud edi. Melvilning raqobatchilari o‘z gazetalarini 5 pensdan sotishardi. Sababi 1 penslik tanga ularning hududida kam topilardi. Melvill esa kunlarning birida o‘z gazetalari narxini 1 pens deb e'lon qiladi. Mahalliy savdogarlar bilan kelishib, ularni 5 dollarlik tovarlar narxini 4.99ga tushirishga ko‘ndiradi, Filadelfiya banki bilan kelishib, hududga katta miqdorda 1 penslik tanga kiritadi. Endilikda odamlar qaytim sifatida 1 pens olishar va cho‘ntaklarida ko‘payib borayotgan tangaga gazeta sotib olishar edi, natijada Chicago Daily News doimiy mijozlariga ega bo‘ldi.

Talqinlardan yana biriga ko‘ra, 99 bilan tugaydigan narxlar ayrim do‘kon egalarining o‘g‘irlik bilan kurashish maqsadida o‘ylab topgan hiylasi bo‘lgan. Ya'ni do‘kon ishchisi biror tovarni 3 dollarga sotsa, aniq summani xo‘jayindan berkitib, cho‘ntakka urishi mumkin. Biroq narx 2,99 dollar bo‘lsa, 1 pens qaytim berish uchun xaridni daftarga tushirishga majbur bo‘ladi.

Mavzuga oid