O‘zbekiston | 17:03 / 12.08.2020
25548
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatining ayrim hududlarida karantin cheklovlari yumshatildi

Surxondaryo viloyatining epidemiologik vaziyat qoniqarli bo‘lgan Bandixon, Boysun, Qiziriq, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlarida karantin cheklovlari yumshatildi.

Jumladan, ushbu tumanlarda sanitariya talablariga qat'iy rioya qilgan holda, 

  • umumiy ovqatlanish shaxobchalari (restoran va kafelarda banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi); 
  • buyum va qurilish mollari bozorlari;
  • savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyatiga ruxsat berildi.

Shuningdek, avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) tegishli hudud doirasida harakatlanishga, tumanlarga kirish-chiqishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (soat 07:00dan - 10:00 gacha, soat 18.00dan  - 21.00gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun ruxsat berildi.

Maxsus ruxsatnoma (stiker) asosida harakatlanadigan avtotransport vositalari hamda Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan ayrim toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.

«Viloyatda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatilib boriladi. Vohadoshlarimizdan o‘z salomatliklariga befarq bo‘lmagan holda karantin talablariga qat'iy amal qilishlarini so‘raymiz», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid