Jahon | 10:56 / 06.10.2020
36569
2 daqiqa o‘qiladi

Himoya niqoblarining yana bir foydali jihati ma'lum qilindi  

Hozirda koronavirusdan himoyalanishda eng asosiy vosita hisoblangan himoya niqoblari kuz va qishda lablar qurishishida yordam berishi mumkin. Bu haqda dermatovenerolog shifokor Aleksey Yedemskiy ma'lum qildi. 

Shamol, sovuq harorat, xonadagi isitish tizimi, quruq havo lab terisining qurishishiga olib keladi. Bu muammo xeylit deb ataladi. Yuzga taqiluvchi niqob esa bunday holatda yordam beradi. “Niqob ostida issiqxona effekti vujudga keladi. Bu esa muammoni chuqurlashtirmay, aksincha qandaydir ma'noda holatni yaxshilashi mumkin, chunki bunda niqob ostida namlik ko‘proq bo‘ladi”, deb aytgan shifokor. Buning natijasida esa lablar qurishib ketmaydi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, sovuq mavsumda ko‘chaga chiqqanda gigiyenik pomadadan foydalanish kerak. U labda plyonka hosil qilib, teri sirtidan namlikning bug‘lanib ketishi oldini oladi. Yopiq joylarda esa namlash effektiga ega bo‘lgan, misol uchun glitserin yoki gialuron kislotali vositalar qo‘llash mumkin.

Lablar vitaminlar yetishmasligi sababli ham qurishishi va yorilishi mumkin. Shifokorning ta'kidlashicha, hozirda odamlarga bioqo‘shimchalar va vitaminlarning betartib qabul qilinishi xos bo‘lib, buning oqibatida organizmda vitaminlar me'yoridan ko‘payib ketadi. Bu ham lab terisining qurishishiga olib kelishi mumkin. 

Mavzuga oid