Jahon | 08:02 / 19.10.2020
4114
2 daqiqa o‘qiladi

Bahrayn va Isroil diplomatik aloqalar o‘rnatdi

Bahrayn va Isroil o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Bu haqidagi kelishuv Bahrayn poytaxti Manamada imzolandi.

Foto: AFP

Bundan tashqari, davlatlar hamfikrlik haqida memorandumlar imzolagan.

Manamaga kelishuvni imzolash marosimiga Isroil delegatsiyasidan tashqari, ushbu kelishuvga erishishda vositachilik qilgan AQSh vakillari kelgan. Hujjat ostiga o‘z imzolarini Isroil bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Meir Ben-Shabbat va Bahrayn Tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Rashid Al-Zayoniy qo‘ygan.

Ikki tomon bir-biriga qarshi harakatlar amalga oshirmaslikka va uchinchi davlatlarning dushmanona harakatlariga qarshi harakat qilishga kelishib olgan. Kelishuvda ikki tomon Isroil-Falastin ixtilofini adolatli hal qilishga erishishdagi o‘z sa'y-harakatlarini davom ettirishlari ta'kidlab o‘tilgan.

Bahrayn podshohi Hamad bin Iso al-Xalifa “xalqlari ko‘plab ixtiloflar va kurashdan aziyat chekkan” mintaqada turli madaniyat va dinlar orasida toqatlilik, tinch-totuvlik va hamfikrlik qadriyatlari mustahkamlanishi muhimligiga ishonishini aytgan.

AQSh delegatsiyasiga boshchilik qilgan AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin kelishuvni “mintaqadagi barqarorlik, barcha aholi va davlatlarning ravnaqi” uchun qo‘yilgan muhim qadam deb atagan.

Kelishuv imzolangandan keyin Isroil tashqi ishlar vazirligi xodimi Bahrayn tomoniga Manamada Isroil elchixonasi ochish iltimosi bildirilgan maktubni topshirgan.

Bahrayn va Isroil 15 sentyabrda munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvni imzolagandi. Kelishuvni imzolash marosimi AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida Oq uyda bo‘lib o‘tgandi.

Mavzuga oid