O‘zbekiston | 18:54 / 01.11.2020
32069
5 daqiqa o‘qiladi

Jomboydagi «zirhlangan» «oltin devor». U odamlarning yo‘lini to‘smoqda

Jomboy tumanining «Shirinkent» mahallasidagi ko‘chalardan biriga tortilgan devor shu yo‘ldan o‘tib-qaytuvchi odamlarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Shu hududda yashovchi fuqarolar bu haqda tahririyatga murojaat qildi.

«Shirinkent» mahallasida yashovchi M.Xoliqulova hamda D.Mahmudovlarning ma'lum qilishicha, azaldan aholi shu yo‘ldan o‘tib-qaytgan. Dabdurustdan shu yo‘l yoqasida joylashgan savdo do‘koni egasining yo‘lni yopib olishi bir qator fuqarolarning sarson bo‘lishi, o‘z uyiga o‘tishi uchun bir necha kilometr masofani bosib o‘tishiga sabab bo‘lmoqda. Devor ham mojaro markazida turaverib naq «oltin devor»ga aylangan, birov buzay demaydi.

devor tortilgan ko‘cha

 

oldingi holat

Ma'lum bo‘lishicha, devor «Zumrad» savdo ishlab chiqarish korxonasiga qarashli do‘kon rahbari E.Narziyev tomonidan qurilgan bo‘lib, unga mazkur yerga egalik qilish huquqi tuman hokimligi tomonidan berilgan. Tuman hokimligi esa egalik qarori 2014 yil, o‘sha vaqtdagi mas'ullar tomonidan berilganini ma'lum qildi. Hokimlik vakiliga ko‘ra, tuman rahbariyati mazkur vaziyatda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashini, biroq ishni sud ko‘rib, yakuniy qaror chiqargani, hokimlik esa sud ishiga aralashmasligini ma'lum qilmoqda.

Bir guruh fuqarolar mazkur qarorni noqonuniy deb topish yuzasidan Jomboy tuman ma'muriy sudiga murojaat qilgan.

«Sudga murojaat qilish uchun qo‘limizda rad etib bo‘lmas qator asoslar bor edi. Birinchidan, aholi foydalanadigan yo‘lning birovga berib yuborilishini noqonuniy deb hisoblaymiz. Ikkinchidan, qonunga ko‘ra, hokimlikning egalik qarori yer ajratish to‘g‘risidagi qarori asosida chiqariladi. Yo‘lni egallab olgan E.Narziyevga yer ajratish to‘g‘risidagi hokimlik qarorida esa yo‘l emas, balki uning yonidagi hozirgi do‘kon o‘rni bo‘lgan 80 kvadrat metr yer ko‘rsatilgan. Ammo shu hujjat asosidagi egalik huquqi qarorida yo‘q joydan yerning umumiy maydoni 294 kvadrat metr bo‘lib qolgan. Ya'ni, hokimlikning E.Narziyevga bergan yerga egalik qilish haqidagi qarori noqonuniy. Ammo sud dalillarimizni inobatga olmasdan, da'vo arizamizni rad etdi», deydi fuqaro M.Erkinova.

Tuman «Yermulkkadastr» korxonasi vakili M.Nurmatov haqiqatan ham yerga egalik qilish to‘g‘risidagi qaror yer ajratish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan yerga berilishi lozimligi, yuqoridagi qaror esa noto‘g‘ri chiqqanini ma'lum qildi. Xuddi shu fikr tuman bosh arxitektori Zohid Turdiyev tomonidan ham bildirildi.

Tuman bosh arxitektorining ma'lum qilishicha, tuman bosh loyihasida yuqorida ko‘rsatilgan hudud kiritilmagan. Bunday vaziyatda hududning o‘zi uchun tuzilgan bosh loyiha asosiy hujjat hisoblanadi va bu loyihada nizodagi devor o‘rni haqiqatan ham yo‘l bo‘lgan. Bu haqda arxitektor sud ishida ham qatnashib ma'lum qilgan.

murojaat egalari

 

hududning xaritasi

Ammo yuqorida aytilganidek sudda fuqarolarning da'vosi rad etilgan. Endilikda aholi yo‘ldan mosuvo, ko‘pchilik taqdirga tan berib, uzoq masofadan aylanib kelishga majbur. Ayrimlar esa turli idoralarga murojaat qilishda davom etmoqda. Holatni o‘rganish uchun borganimizda, ilgari shu yo‘ldan o‘tib qaytgan bolalarning endi devor oshib o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. Ammo bu ham ko‘p ko‘rilgan shekilli devor usti shisha siniqlari bilan «zirhlangan».

Ikkinchi tomon, savdo do‘koni rahbari E.Narziyev do‘konda bo‘lmagani sababli undan izoh ololmadik. Tabiiyki, sudda yutib chiqqan tadbirkor o‘z-o‘zidan xalqqa yo‘lni ochib bermasa kerak.

Umuman, mazkur holatda fuqarolar endi kimga murojaat qilishga ham hayron. Kadastr ular haqligini aytmoqda, tuman arxitektori ham shuni ta'kidladi, hokimlik ham. Ammo baribir masala hal bo‘lmay qolmoqda. «Shirinkent»dagi «oltin devor» odamlarning yo‘lini to‘sib turibdi...

Anvar MUSTAFOQULOV, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi Faxriddin HOTAMOV

Mavzuga oid