Jahon | 12:06 / 08.11.2020
7972
2 daqiqa o‘qiladi

Zararli chiqindilar Himolaygacha yetib borgani ma'lum qilindi

Olimlar Himolay tog‘lari havosidagi zarralarni tahlil qilib, ularda muzliklar erishini tezlashtiruvchi “jigarrang uglerod” katta miqdorda borligini aniqlashdi. Bu haqda Environmental Science & Technology Letters nashrida ma'lum qilingan.

Foto: Pixabay

Atmosferadagi uglerod chiqindilari “qora” va “jigarrang” uglerodga bo‘linadi. “Qora” uglerod moddaning yuqori haroratlarda to‘liq yonmaganida hosil bo‘ladi va qurumning asosiy komponenti hisoblanadi. “Jigarrang” ulgerod esa kislorod bilan aralashgan uglerod bo‘lib, u azot, oltingugurt va kaliy kabi elementlar izlariga ega. Bunday uglerod biomassa yoki o‘simliklarning yonishida hosil bo‘ladi va ko‘ndalangiga 200 nanometr o‘lchamdagi mitti qatron sharchalar shakllanishiga olib keladi.  

Olimlar jamoasi Himolay tadqiqot stansiyasidagi havodan namuna olib, undagi ming zarradan 28 foizi qatron sharchalar ekanini aniqlashgan. Olimlar arxivlarni ko‘zdan kechirib, sharchalar ulushi havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan kunlarda, jumladan dalalarda bug‘doy poyalari yoqilganda oshganini aniqlashgan.

“Jigarrang” uglerod yorug‘lik va issiqlikni yutadi. U sababli qor va muz quyosh nurlarini qiyin qaytaradi va muzliklar eriy boshlaydi. 

Ta'kidlanishicha, sayyoramizdagi eng baland cho‘qqilarga ega bo‘lgan Himolay tog‘larida Arktika va Antarktika tashqarisidagi muzlik qorining eng katta zaxirasi mavjud. Shu sababli Himolay ba'zida “sayyoraning uchinchi qutbi” deb ham ataladi. Ammo ko‘rinishicha, tog‘larning balandligi va olisdaligi ham ularni sanoat chiqindilaridan himoyalay olmagan.

Mavzuga oid