O‘zbekiston | 12:59 / 14.11.2020
12315
2 daqiqa o‘qiladi

Davron Vahobov «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlaydi

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.

Foto: KUN.UZ

Uyushma a'zolarining umumiy yig‘ilish qarori bilan rais o‘rinbosarligiga ma'qullangan Davron Abdujalolovich Vahobov nomzodi prezident Mirziyoyev tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan. Bu haqda uyushma matbuot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Unda aytilishicha, davlat rahbari Davron Vahobov haqida fikr bildirib, u tomonidan olib borilgan loyihalar chuqur bilim va tajribaga tayanganini ta'kidlagan.

«Davron Vahobov – yosh va malakali, to‘qimachilik sanoatida loyihalarni shakllantirish, texnologik jihatdan mukammallashtirish va mahsulot sifatini oshirishda katta tajribaga ega», – degan prezident.

Suratda Davron Vahobov prezident Mirziyoyevni Qashqadaryodagi «Oqsaroy vortex» to‘qimachilik kombinati faoliyati bilan tanishtirmoqda.

Davron Vahobov 1981 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bakalavriatini va 2003 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistraturasini tamomlagan. 2007 yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetini sirtqi ta'lim bo‘yicha tugatgan.

U bu vaqtga qadar Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, «Oqsaroy textile» MChJ tizimidagi qator vazifalarda ishlagan.

Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, Vahobov tomonidan shu vaqtga qadar «Oqsaroy textile», «Zarbdor textile», «Oq saroy Vortex», «Ostex textile Jizzax», «Sardoba Oq saroy textile» kabi yirik to‘qimachilik loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.

Mavzuga oid