Mansabdor shaxslarning noqonuniy boylik orttirishi Jinoyat kodeksiga kiritilishi kutilmoqda
Ishlab chiqilayotgan «yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, xalqaro tashkilotlardan olinayotgan qarzlar sarfining oshkoraligini ta'minlash uchun ochiq ma'lumotlar bazasini yaratish ham ko‘zda tutilmoqda.
21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Aksilkorrupsiya agentligi xabar qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.
Bu – korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, loyihada quyidagilar ham ko‘zda tutilmoqda:
- xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan qarzlar va moliyaviy yordamlar sarfining oshkoraligini ta'minlash uchun ochiq ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
- korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari ro‘yxatini tuzish;
- xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro tashkilotlarining vakillariga pora berganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash;
- korrupsiya holatlari to‘g‘risida anonim xabar yo‘llash va ularni ko‘rib chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, markazlashtirilgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini tezroq joriy qilish kerakligi qayd etilgan.
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
19:42 / 07.11.2024
Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
10:34 / 05.11.2024