O‘zbekiston | 10:06 / 01.12.2020
14990
6 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri GTL zavodida yuz bergan hodisaga izoh berdi

O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi «Uzbekistan GTL» zavodida yuz bergan ommaviy tartibsizlik haqida savol berildi.

Alisher Sultonov / Foto: Kun.uz /arxiv

Energetika vazirining aytishicha, o‘zi ham zavodga borgan va ishchilar bilan uchrashib, gaplashgan.

«U yerda viloyat hokimi ham, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri ham, viloyat rahbariyati ham bor edi. Biz ular bilan uchrashib, o‘rta bo‘g‘indagi barcha xodimlarni to‘pladik, bu - brigadirlar, ustalar, prorablar, ishchilar. Ish haqi to‘lashda muammolar bormi, deb savol berilganida, ularning barchasi yo‘q dedi. Bu o‘ylab topilgan. Men tushunaman, har doim qandaydir sensatsiyani xohlashadi, bu qandaydir negativ chiqsa kuchayadi. Shuning uchun ish haqi bo‘yicha umuman e'tiroz bo‘lmadi, kompaniya maoshlarni o‘z vaqtida to‘layapti.

Biz borib, komissiya bilan birgalikda u yerda yaratilgan turar joy sharoitini, mehnat sharoitini tekshirdik. Ularning bari kerakli talablarga javob beradi. Muammo nimada edi? Mening fikrimcha, muammo ishchilar bilan muloqotning bo‘lmaganida edi, karantin joriy etildi, odamlar charchadi. Tasavvur qiling, qurilish maydonchasida bir joyda 12 ming odam yig‘ilgan. Karantin cheklovlari joriy qilingan mart oyida biz u yerda qat'iy tartib o‘rnatdik. Sababi, qurilish muddatlariga rioya qilishimiz kerak, agar odamlar kasal bo‘lsa, qurilish ham to‘xtaydi. Ko‘p joylarda va loyihalarda shunday bo‘ldi ham - xorijiy mutaxassislar jo‘nab ketdi, bizning mutaxassislarimizga ham javob berib yuborishga to‘g‘ri keldi, ba'zi loyihalar to‘xtab qoldi. Biroq, bu loyihani saqlab qola oldik. Xorijiy mutaxassislar bilan kelishuv bor edi, ya'ni maydonchada karantin bo‘yicha barcha sharoitlar yaratildi, shifoxonada tashkil qilindi, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ta'minoti yo‘lga qo‘yildi va profilaktik choralar ko‘rildi, shifokorlar nazorati ostida profilaktika uchun berilgan dori-darmonlar olib kelindi. Biz vaziyatni ushlab tura oldik, keyinchalik, yozda cheklovlar yumshatildi hamda kasallanish holatlari ko‘paydi, maydonchamizda 1000 nafargacha kishi kasal bo‘ldi. Tabiiyki, biz ularni qo‘yib yubormadik va komissiyaning xodim kasallansa, kompaniya davolashi kerakligi haqidagi talabi bilan odamlar o‘sha yerda davolandi. Shundan so‘ng nisbatan qat'iy karantin cheklovlari joriy qilindi.

Birinchi norozilik holati u yerda 90 kun muddat davomida uyda bo‘lmagan xorijiy mutaxassislar javob so‘raganida va ularga ruxsat berganimizda bo‘ldi. Biz mahalliy mutaxassislarni ishga oldik, bu asosan xorijda vaqtincha ishlab qaytgan yoshlar edi. Meni yoshlarimiz juda injiqlik qila boshlagani hayratga soldi. Ular 40 kun uyda bo‘lmagani haqida e'tiroz qila boshladi, asosiysi shu edi. Odamlar psixologik jihatdan charchagandi. Men bizning davrimizda qanday qilib ikki yil armiyada xizmat qilishgan ekan, deb o‘ylanib qoldim.

Asosiy sabab odamlarning psixologik jihatdan charchaganida bo‘ldi. U yerda shunchaki sabab kerak edi, agar nonushtaga o‘tkazadigan maxsus tartib bo‘lmaganida, boshqa biron narsa bo‘lar edi. Mening fikrimcha, bu o‘rta bo‘g‘indagi rahbarlarning aybi, ular odamlar bilan muloqot qilishi kerak.

Bir narsani tushunish kerak - bunday obektlarda ovqat bermaslik, davolatmaslik, ish haqi bermaslikning o‘zi imkonsiz. Buning o‘zi imkonsiz. Biz ular bilan suhbatlashganimizda, ba'zilar ish haqini oshirish haqida so‘radi. Ulardan ish haqi qancha ekani, ishga kelayotganida maoshi haqida bilgani yoki bilmagani so‘ralganida, bilganini aytdi. O‘zi shunday ish haqiga rozi bo‘lib kelgan. Yana biri uyiga, ya'ni Buxorogacha bo‘lgan yo‘l haqini to‘lab berishlarini talab qildi. Unga hokim to‘g‘ridan to‘g‘ri aytdi: yo‘l haqini to‘lash, oila boqish uchun ish haqi olyapsan-ku, sen bu yerga ma'lum bir maosh uchun kelgansan, nega hozir senga yo‘lni ham to‘lab berishimiz kerak. Biz taxminan 250 kishi bilan gaplashdik. Yana bir marta aytaman, bu nafaqat rahbarlar, balki oddiy ishchilar ham edi. Ko‘pchilik keyin uzr ham so‘radi, biroq bu yoshi katta ishchilar edi. Ular «biz aybdor emasmiz, chekkada turgandik», dedi. Men «agar sizlar bir chetda turgan bo‘lsangiz, unda sizlar ham aybdorsiz», dedim. Ro‘y bergan hodisada biz ham aybdormiz, ular ham aybdor. Asosan yoshlar edi, har kim nima qilayotganini aniq tushunishi kerak. Jinoyat sodir etib, jazo haqida o‘ylamaslik mumkinmi?» - dedi Alisher Sultonov.

Joriy yilning 21 oktabr tongida «Uzbekistan GTL» zavodi ishchilari norozilik bildirib, zavod mulkiga zarar yetkazgani aks etgan videolar tarqalgandi.

Ushbu to‘polonda ishchilar zavodga 480 million so‘m zarar yetkazgan. Zavodda o‘rnatilgan tartib-qoidadan norozi bo‘lib bezorilik qilganlarga nisbatan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «v» bandi va 277-moddasi 2-qismi «b, v, ye» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid