Fan-texnika | 15:42 / 02.12.2020
4349
2 daqiqa o‘qiladi

Zoom asoschisining boyligi bir kunda 3,1 mlrd dollarga kamaydi

Kompaniyaning 15 foiz ulushiga egalik qiluvchi Yuanning boyligi miqdori 17,9 mlrd dollarga tushib qoldi.

Foto: EPA

Zoom videoaloqa servisi aksiyalari narxi tushib ketishi natijasida milliarder Erik Yuanning boyligi bir kun ichida 3,1 mlrd dollarga kamaydi. Seshanba kuni Zoom Video Communications ZM aksiyalari narxi 15,06 foizga arzonlashdi.

Kompaniyaning 15 foiz ulushiga egalik qiluvchi Yuanning boyligi miqdori 17,9 mlrd dollarga tushib qoldi.

Uchinchi chorak davomida Zoom 777,2 mln dollar daromad qilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 367 foizga ko‘pdir. 

Ammo Zoom to‘rtinchi chorakda daromad o‘sishi sekinlashib, 329 foizni tashkil etishi mumkinligini taxmin qilganidan so‘ng investorlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Bundan tashqari, ular kompaniya aksiyalari asl narxidan ortiqcha qimmat ekanligidan xavfsirashmoqda. Hozirda bitta aksiya narxi 406 dollar deb baholanmoqda, kompaniyaning kapitalizatsiyasi 115,9 mlrd dollarga yetgan.

Bahorda Yuanning boyligi 5,5 mlrd dollarga teng edi. Ammo pandemiya boshlanganidan so‘ng Zoom Video Communications ZM aksiyalari narxi o‘sa boshladi. Bunga millionlab kishilarning masofadan ishlash rejimiga o‘tishi va muloqot uchun videokonferensiyalardan foydalanishi sabab bo‘ldi.  

Mavzuga oid