Jamiyat | 19:51 / 03.12.2020
4020
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan antikorrupsion haftalik tadbirlari doirasida 3 dekabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari va talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda agentlik direktori Akmal Burxonov korrupsiyaning oldini olishdagi muhim omillar haqida to‘xtaldi.

«Hammamiz bilamiz, korrupsiyaning oldini olishning eng muhim yo‘nalishi - har qanaqa davlatda ham, rivojlangan davlatlarda ham davlat idoralarining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, ularning faoliyati imkon qadar jamoatchilikka ochiqligini ta'minlash hisoblanadi.

Shuning uchun ham mana shu antikorrupsion haftalik doirasida vazirlik va idoralarga agentlik tomonidan taklif yuborildi. Korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan, ko‘proq fuqarolar bilan, tadbirkorlar bilan ishlaydigan davlat idoralari tomonidan o‘zlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka ochiq-oshkora ma'lumot berish.

Nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish borasida, balki amalga oshirilayotgan ishlari haqida ochiq eshiklar kunlarini tashkil etishlarini tavsiya qilgan edik. Biz xursand bo‘ldik, Davlat bojxona qo‘mitasi birinchilardan bo‘lib shu taklifimizni qabul qilib, bunga tayyor ekanliklarini bildirishdi», deydi agentlik rahbari.

Yig‘ilishda Davlat bojxona qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida»gi memorandum imzolandi.

Akmal Burxonov Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim va yangi mexanizmlar joriy etilganini qayd etdi. Shu o‘rinda kamchiliklar ham aytib o‘tildi. Xususan, ayrim faoliyat turlarini amalga oshirishda haliyam inson omili mavjudligi, tartibga soluvchi hujjatlarda bo‘shliqlar borligi, imtiyozlarni qo‘llash mexanizmlarining murakkabligi, normativ huquqiy hujjatlarning haddan ziyod ko‘pligi, ulardagi ayrim jihatlarning o‘zaro nomuvofiqligi qayd etildi.

Mavzuga oid