O‘zbekiston | 08:34 / 16.12.2020
6495
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik ta'lim muassasalari talabalari tomonidan amaliyotni o‘tash tartibiga tuzatishlar kiritildi

Yuridik ta'lim muassasalari (harbiy, maxsus oliy ta'lim muassasalaridan tashqari) talabalari tomonidan tanishtiruv va malakaviy amaliyotni, shuningdek stajirovkani o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga bir qator tuzatishlar kiritildi.

Norma’ning yozishicha, amaliyotni tashkil qilishning umumiy shartlari quyidagilardan iborat:

amaliyotning barcha bosqichlarda tashkil etilishi talabalar tomonidan kasbiy ko‘nikmalarni egallashda uzluksizlik va izchillikni ta'minlashga yo‘naltirilishi lozim;

amaliyot o‘tash muddati va hajmi ishchi o‘quv reja, modul (fanlar) o‘quv dasturlari, amaliyot o‘tash dasturi bilan belgilanadi va amaliyot o‘taganlik uchun tegishli kreditlar ajratiladi;

o‘qituvchilarning amaliyotdagi o‘quv yuklamasi ishchi-o‘quv rejada ko‘rsatilgan o‘quv pedagogik soatlar (haftalar)dan va amaliyotni o‘tash turidan kelib chiqib aniqlanadi;

qabul qiluvchi tashkilot amaliyotga yuborilgan talabalarga amaliyot rahbarini biriktiradi.
 
Yurist talabalarning amaliyoti uch turga bo‘linadi:

a) tanishtiruv amaliyoti – bakalavriatning I-III kurs talabalari uchun ixtiyoriy amaliyot turi. Tanishtiruv amaliyoti talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarida qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan holda o‘taladi. Tanishtiruv amaliyoti yuzasidan amaliyot o‘tash davomiyligi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma taqdim qilinadi, ma'lumotnoma asosida kreditlar o‘zlashtirilganligi hisobga olinadi;

b) bitiruv malakaviy amaliyot – ta'limning yakunlovchi bosqichi hisoblanadigan va bakalavriatning IV kurs talabalari uchun majburiy amaliyot turi. Amaliyot uch bosqichdan: tayyorlov, asosiy, shuningdek hisobotlarni topshirish va baholashdan iborat. Bitiruv malakaviy amaliyot yakunlari yuzasidan baho o‘qish bo‘yicha baholarga tenglashtiriladi va talabalar umumiy o‘zlashtirishining yakunlarini chiqarishda hamda tegishli kreditlari o‘zlashtirilganligini belgilashda inobatga olinadi. Amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baho olinishi talaba tomonidan tegishli kreditlar qayta o‘zlashtirilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi;

v) stajirovka – magistratura bosqichi talabalari uchun ixtiyoriy amaliyot turi. Darvoqe stajirovka talaba ixtiyoriga ko‘ra qabul qiluvchi tashkilotlarda, shuningdek pedagogik amaliyot sifatida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish ko‘rinishida o‘taladi. Stajirovka o‘talganligi qabul qiluvchi tashkilotdan taqdim etiladigan ma'lumotnoma asosida kreditlarni hisobga olish tartibida belgilanadi.
 
Hujjat 4.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid