Jahon | 00:00 / 30.12.2020
6199
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus mutatsiyasi pandemiyaning uchinchi to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin – JSST eksperti

Qayd etilishicha, SARS-CoV-2 koronavirusi genomida bir oyda bir-ikkita mutatsiya sodir bo‘ladi, bu gripp virusiga nisbatan oz. Ammo yangi mutatsiya vaksina samaradorligiga qanday ta'sir qilishi borasida aniq xulosa yo‘q. 

Foto: Kai Pfaffenbach / Reuters

Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi mutatsiyasi pandemiyaning uchinchi to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin. JSST eksperti va xalqaro tropik tibbiyot federatsiyasi prezidenti professor Santyago Mas-Koma ana shunday fikr bildirdi.

Mas-Komaning ta'kidlashicha, koronavirusning yangi turi tarqalishini to‘xtatishga endi juda kech. Chunki uni yuqtirish holatlari Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning qator mamlakatlarida qayd etildi.

«Ehtimol, yangi shtamm Yevropada pandemiyaning uchinchi to‘lqiniga sabab bo‘ladi», — dedi olim.

Uning eslatishicha, Italiyada fevral oyida aniqlangan shtamm-mutant pandemiyaning birinchi to‘lqinini keltirib chiqargan. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, Yevropada pandemiyaning uchinchi to‘lqini Ispaniya shimolidagi meva teruvchi migrantlar o‘rtasida tarqalgan shtammdan boshlangan.

«Birinchi to‘lqin tugamasdan turib boshlangan ikkinchi to‘lqindamiz. Shu tarzda, uchinchi to‘lqin ikkinchisining ustiga bostirib kelishi mumkin», — deb ta'kidladi Mas-Koma.

 Olimning qayd etishicha, SARS-CoV-2 koronavirusi genomida bir oyda bir-ikkita mutatsiya sodir bo‘ladi, bu gripp virusiga nisbatan oz. Ammo yangi mutatsiya vaksina samaradorligiga qanday ta'sir qilishi borasida aniq xulosa yo‘q. 

 Buyuk Britaniyada koronavirusning xavfli mutatsiyasi sentyabrda aniqlangandi, ammo u dekabrda faol tarqala boshladi. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, yangi shtamm avvalgisiga nisbatan 70 foizga yuqumliroqdir.

 

Mavzuga oid