O‘zbekiston | 20:57 / 08.01.2021
60680
2 daqiqa o‘qiladi

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» rahbari qo‘lga olindi

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Murodboy Bazarimbetov pora olganlikda gumonlanib, huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Urganch shahar xalq deputatlari kengashi a’zosining ma’lum qilishicha, Bazarimbetov o‘rtaga ishonchli odamini qo‘yib, yonilg‘i quyish shoxobchasini elektr tarmog‘iga ulab berish uchun tadbirkordan 20 ming dollar so‘raganlikda gumonlanmoqda. Keyinchalik bu qiymat 15 mingga tushirilgan.

Shundan so‘ng tadbirkor deputatga shikoyat qilgan. U esa o‘z navbatida huquq-tartibot idoralarini xabardor qilgan. Ular maxsus tadbirda o‘rtadagi shaxsni hamkorlik qilishga ko‘ndirishgan.

24 dekabr kuni o‘rtadagi ishonchli shaxs pulni Bazarimbetovning kabinetiga kiritib berganidan so‘ng, huquq-tartibot idoralari xodimlari rahbarni ushlashgan.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, tezkor tadbirda o‘rtadagi shaxs va rahbarning muloqoti yozib olingan. Audioyozuvlarda rahbarning o‘rtadagi shaxsga qarata aytgan: «Pulning hammasini berdimi? Hammasini oldingmi? Mana bu tumbochkaga qo‘y» degan so‘zlari ham bor.

Ayni paytda Bazarimbetov hibsda saqlanmoqda va holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deydi deputat.

Korxona rahbari qo‘lga olinganini korxonadagi manba ham Kun.uz'ga tasdiqladi.

Mavzuga oid