Iqtisodiyot | 23:03 / 20.01.2021
40543
2 daqiqa o‘qiladi

Qaysi soha vakillariga davlat budjetidan eng ko‘p ish haqi ajratilmoqda?

2020 yil dekabr oyi ikkinchi yarmi uchun jami 2 trillion 256,7 milliard so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lab berilgan. Eng ko‘p ish haqi to‘lovlari xalq ta'limi tizimi va sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi xodimlarga ajratilgan.

Moliya vazirligi budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarga ish haqi to‘lovlari haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, 2020 yil dekabr oyi ikkinchi yarmi uchun eng ko‘p ish haqi to‘lovlari xalq ta'limi tizimi xodimlari (869,1 milliard so‘m) va sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi xodimlarga (668,1 milliard so‘m) to‘langan. Keyingi o‘rinlarda maktabgacha ta'lim (166,7 milliard so‘m) va madaniyat vazirligi (53,5milliard so‘m) tizimi xodimlari uchun ish haqi ajratilgan.

O‘z o‘rnida berilgan ro‘yxat bo‘yicha nisbatan kam ish haqi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi (21,5 million so‘m ), Gidrometeorologiya  markazi (33,7 million so‘m ), Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (121,3 million so‘m ) xodimlariga to‘langan.

Vazirlik tomonidan berilgan ro‘yxatda ko‘rsatilmagan (nisbatan kam haq to‘lanadigan va kam shtat birligiga ega boshqalar) tashkilotlar xodimlariga 226,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ro‘yxatda mudofaa va ichki ishlar vazirliklari, davlat bojxona qo‘mitasi, davlat xavfsizlik xizmati, sud tizimi va prokuratura xodimlariga to‘lanadigan mablag‘lar haqida ma'lumot berilmagan.

Ta'kidlanishicha, ish haqlarini o‘tkazish moliya vazirligi bilan budjet tashkilotlari o‘rtasida «onlayn» ravishda ma'lumotlar almashinuvi natijasida amalga oshirilgan.

Avvalroq, davlat budjeti mablag‘larining sarflanishi yuzasidan nazoratni kuchaytirishga oid ma'lumotlarni davlat tashkilotlari o‘z veb-saytlarida e'lon qilishi taklif etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 fevraldan boshlab, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 10 foizga oshirilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid