Jahon | 00:50 / 21.01.2021
104189
16 daqiqa o‘qiladi

Putinning milliard dollarlik saroyi bormi? Navalniyning sensatsion surishtiruvi e'lon qilindi

Rossiyalik muxolif siyosatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniyning YouTube'dagi sahifasida yangi sensatsion surishtiruv e'lon qilindi. Siyosatchining o‘zi qo‘lga olingan bir vaqtda e'lon qilingan bu surishtiruvni allaqachon 30 milliondan ortiq odam ko‘rib bo‘lgan.

Navalniyning bu galgi surishtiruvi «Putin uchun saroy. Eng katta pora tarixi» deb ataladi. Surishtiruv Germaniyaning Drezden shahridan boshlanadi. Navalniy Vladimir Putin Germaniyada ishlagan vaqtida yashagan uy va bino oldida turib Rossiyaning amaldagi prezidenti Germaniyada nima ish qilgani haqida gapiradi. Video avvalida ekranda ko‘ringan titrda Navalniy avgust oyida shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘iga ko‘ra «Novichok» bilan zaharlangani aytiladi. Shuningdek, 18 yanvar kuni Rossiyaga qaytishi bilan qo‘lga olingan Navalniy uchun kurashish vaqti kelgani aytilib, odamlar 23 yanvar kuni 14:00da ko‘chalarga chiqishga chorlangan.

«Bosh qahramon meni qo‘rqdi deb o‘ylamasin»

Navalniy kirish qismini shunday boshlaydi: «Siz bu videoni ko‘rayotganda men allaqachon Moskvada bo‘laman. Chunki surishtiruvning asosiy qahramoni bo‘lgan inson (Putin nazarda tutilmoqda) uning eng katta siri haqida xorijda turib gapirayotganim sabab meni qo‘rqoqlikda ayblashini istamayman. Bugungi filmda oddiy sovet ofitseri qanday qilib aqldan ozdirar darajada boyib ketgani haqida hikoya qilamiz».

Navalniy Putin Germaniyadagi xizmat faoliyati vaqtida yashaganini aytgan uy oldida turib gapirar ekan, uni sayyoraning eng boy odami deb ataydi. U Putinning Germaniyadagi faoliyati haqida shunday deydi: «KGBning oddiy ofitseri Vladimir Putin Drezdenga 1985 yilda kelgan. Putin biz u haqda «Vau, razvedchik!» deb o‘ylashimizni istaydi, lekin aslida bunday emas. U KGBning o‘sha davrdagi do‘st mamlakat bo‘lgan Sharqiy Germaniyadagi (Germaniya demokratik respublikasi) rasmiy vakili bo‘lgan. Hatto yashirin bo‘linmada ham barcha taniydigan rasmiy vakil bo‘lgan. Hozir ko‘pchilik Putinning o‘sha davrdagi faoliyatini romantiklashtirib «U dushmanning ichiga sezdirmay kirgan», deb alqashadi, biroq u mana bu shinamgina binoda o‘zi kabi qator bekorchilar bilan birga vaqt o‘tkazgan. Ular bir-birlariga sovg‘a berish bilan band bo‘lishgan. Xuddi hozirgi kabi».

Navalniy ayni damda Rossiyadagi «Transneft» kompaniyasi rahbari Nikolay Tokarev ham Putin bilan birga KGBning Drezdendagi vakolatxonasida ishlaganini aniqlagan. Navalniyning aytishicha, Tokarev Federal xavfsizlik xizmatida (FXX) ishlaganini tan olmagan, lekin u iste'fodagi FXX generali ekani ma'lum. Video davomida Navalniy Putin aynan Drezdenda kelajakdagi faoliyati poydevorini qurganini aytadi. Uning iddaosicha, Rossiyaning amaldagi yetakchisi quyidagi shiorlarni hayotining muhim omillari deb hisoblagan: 1. Doim bir gapni aytib, boshqasini qil; 2. Korrupsiya – ishonch garovi; 3. Asosiysi, pul hech qachon keragidan ortiq bo‘lmaydi.

Navalniy Putin universitetga ishga o‘tganini eslash bahonasida ham bir «chaqib oladi»: «Germaniyadan qaytgach, kelajagi unchalik yorqin bo‘lmagan universitetga ishga yuborishganidan Putin «qanchalik zo‘r» ayg‘oqchi bo‘lganini bilish mumkin».

Kelajak belgilangan parta

Surishtiruvda Putin hukumat tepasiga ko‘tarilishida Peterburgdagi faoliyati va do‘stlari qanchalik muhim bo‘lganiga alohida urg‘u berilgan. Masalan, Nikolay Yegorov Putin bilan bitta partada o‘tirgani va aynan u Putinning faoliyatini o‘zgartirib yuborgan taklifni bergani aytiladi – aynan Yegorov Putinni Anatoliy Sobchakka tavsiya qilgan. Sobchak (ha, jurnalist Kseniya Sobchakning otasi) o‘sha vaqtda Sankt-Peterburg shahri meri bo‘lgan. U tarixda Putinning ona shahrida mer sifatida ishlagan birinchi va oxirgi rahbar bo‘lib qoladi. Chunki undan keyingi barcha rahbarlar gubernator deb atalgan.

«Putin SSSR tarqalib ketishini katta xato deb ko‘p marta takrorlagan, lekin u o‘sha davrda SSSRning eng ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan radikal demokrat Sobchakning jamoasida bo‘lgan. U yerda Putin o‘zi orzu qilgan lavozimni topdi va eksport uchun litsenziya berish bilan shug‘ullandi. U yog‘och, neft, alyuminiy va har qanday xomashyo eksport qiluvchi firmalarga litsenziya berish bilan shug‘ullangan. Kelishuvga ko‘ra, xomashyo o‘rniga oziq-ovqat mahsulotlari kelishi kerak bo‘lgan. Masalan, neft mahsulotlari o‘rniga go‘sht, kartoshka, shakar, yog‘och o‘rniga bolalar ozuqasi va quritilgan sut. Ammo! Xomashyolar borgan, lekin almashish kelishilgan mahsulotlar kelmagan», deydi Navalniy.

Navalniyning aniqlashicha, neft mahsulotlari xorijga Gennadiy Timchenko tomonidan chiqarilgan. Ayni damda Volga Group rahbari hisoblangan Timchenkoning boyligi 20 milliard dollardan ko‘proq ekani ma'lum. Navalniy neft mahsulotlari savdosini Putinning asosiy biznesi deb atagan: «Rossiya mustaqillikka erishgach, mamlakatdagi eng yirik 5ta neft kompaniyasidan 4tasi neftni xorijga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, Shveytsariyadagi Gunvor nomli o‘rtakash firma orqali eksport qilgan. Shu tariqa, Timchenko turgan joyida hech ish qilmay aql bovar qilmas darajada katta pullarga ega bo‘lgan. Gunvor kompaniyasida Putinning ulushi borligi haqida juda ko‘p yozilgan, xususan, AQSh moliya vazirligi Putinda Gunvor'dagi pullardan foydalanishga imkoni borligi haqida rasman ma'lum qilgan. Gunvor'da ko‘pchilik tanimaydigan aksioner ham bo‘lgan. Uning ismi Petr Kolbin. Bu kim deysizmi? Jurnalistlar aniqlashdi. U Putinning yoshlikdagi do‘sti. Bundan tushunish mumkinki, Kolbin Putinning pullarini saqlagan».

Miller va konvertda pul

Surishtiruvning eng shov-shuvli qismlaridan birida Navalniy Putinga Sankt-Peterburg meriyasida ishlagan vaqtida konvertda pora berishgani haqida gapirgan: «Nima, Putinga konvertda pora berilganmi, deb hayron qolyapsizmi? Ha! Aynan shunday bo‘lgan. U eksport uchun litsenziya olmoqchi bo‘lganlar bilan uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik ahamiyati haqida uzundan uzun nutq so‘zlangan, keyin esa Putin qog‘ozga qancha pul berish kerakligini (ko‘p emas, 10-20 ming dollar) yozib uzatgan va litsenziya uning yordamchisi Aleksey Miller orqali rasmiylashtirilgan. Millerni tanishtirishga esa hojat yo‘q. U 20 yildan «Gazprom»ni boshqarib kelmoqda. Bu tizim qanday ishlagani haqida 90-yillarda Peterburgdagi ko‘cha janglarida qatnashgan Maksim Freydzon intervyusida aytib bergan. Ko‘rinib turibdiki, Miller bu tizimni neft kompaniyasidan yaxshiroq boshqargan.

«Darvoqe, 2008 yilda Miller «Gazprom»ning kapitalizatsiyasi 7-8 yil o‘tib 1 trillion dollarga yetishi va u dunyoning eng boy kompaniyasiga aylanishini aytgandi. O‘sha vaqtda «Gazprom»ning kapitalizatsiyasi 360 milliard dollar bo‘lgan, 12 yil o‘tib esa 70 milliard dollargacha arzonlab ketdi. 5 baravar kam. Putin jamoasining qanday ishlashiga ajoyib misol», degan Navalniy.

Lyudmila Putinaning maktublari

Navalniy surishtiruv davomida yana bir qiziqarli argumentni keltiradi. U Putinning sobiq (va yagona) turmush o‘rtog‘i Lyudmila Putinaning germaniyalik tanishi Iren Pitch bilan yozishmalarini topishga muvaffaq bo‘lgan. Unda bo‘lajak prezidentning oilasi haqida juda ko‘p ma'lumotlarga oydinlik kiritilgan. Xususan, qiziq bir voqea bor. 1998 yil Putin Federal xavfsizlik xizmati rahbari etib tayinlangan vaqtda Boltiq bo‘yida dam olayotgan bo‘lgani aytilgan (Putinning biografiyasida). Lyudmila Putinaning dugonasiga yozgan o‘sha vaqtlardagi maktubida esa Putinlar oilasi Boltiq bo‘yida emas, Fransiyaning Kan shahrida dam olayotgan bo‘lgani aytilgan.

Bosh prokuror va Yelsin oilasi

Navalniy surishtiruvda Rossiyaning sobiq bosh prokurori Yuriy Skuratov qanday ishdan ketganini haqidagi voqeani ham eslagan. O‘shanda Rossiya prezidenti Boris Yelsinning oilasiga aloqador korrupsion harakatlar borasida surishtiruv o‘tkazayotgan bo‘lgan. Biroq bu ishdan ko‘p o‘tmay, Rossiya federal telekanallarida Skuratovning xulqi buzuq qizlar davrasida tushgan surati e'lon qilinadi (bu holatning videosi ham tarqalib ketgandi). Putin bu borada chiqish qilib Rossiya bosh prokurori iste'foga chiqishi kerakligini aytadi va Navalniyning aytishicha, shu tariqa Yelsinning oilasi mojarodan quruq chiqadi. Navalniy keyinchalik aynan Yelsinlar oilasi Putinni panoh bo‘lishi uchun avval bosh vazirlikka, keyin prezidentlikka olib borganini ta'kidlaydi.

1 milliard dollarga saroy

Navalniy surishtiruvning eng asosiy obekti Krasnodar o‘lkasining Gelenjik shahrida joylashgan ulkan saroy haqida. Navalniy bu saroy Putinga tegishli ekani haqida ko‘plab misollar keltirgan. Qora dengiz bo‘yidagi juda go‘zal tabiat qo‘ynida 15 yildan buyon dahshatli darajada katta saroy qurilayotgani ko‘pchilik orasida mashhur mish-mishga aylanib bo‘lgan. Uning suratlari ham ancha oldin internetda tarqalgandi. Navalniyning hisob-kitoblariga ko‘ra, saroyning qurilish ishlari hamon davom etmoqda va unga allaqachon 1 milliard dollar pul sarflangan.

Saroy va atrofdagi maydon kattaligi Monako qirolligidan 39 marta kattaroq. Saroy uning atrofidagi bog‘lar bilan birga 7 800 gektarni egallaydi. Saroy hududida 300 gektar uzumzor, ularni qayta ishlovchi vino zavodi, yozgi saroy, hatto ustritsa fermasi ham bor. Saroyga kirib chiqish qat'iy nazorat qilinadi, u yerda ishlovchi yuzlab odamlarning birortasi kamerali telefon ishlatmaydi.

Saroyning ustidan uchib o‘tish mumkin emas (uchish taqiqlangan hudud), saroyga yaqin suvlardan suzib o‘tish mumkin emas.

Putinniki ekani aytilgan saroyning ichida 5 qavatli binoga teng hokkey maydoni bor. Manej yer ostida joylashgan va uni yuqoridan bo‘rtib turgani sabab hokkey maydoni ekanini bilish mumkin. Darvoqe, Navalniyning xodimlari surishtiruv davomida katta qiyinchilik bilan saroyni dron orqali kuzatishni uddalagan. Saroy ichidagi tasvirlar bir necha yil avval internetda tarqalgan. Ularni saroyda ishlagan ustalar tarqatishgan. Navalniy esa saroyning maketi tasvirlangan loyiha videosini topgan va uni ustalar tarqatgan video bilan solishtirgan – aniqlik 99 foiz!

Saroydan yer osti orqali maxsus yo‘lak bor va u yerdan sohilga chiqiladi. Suvdan ancha tepada bo‘lgan bu sohilda maxsus balkon bor va u yerdan Qora dengiz mavjlari juda yaxshi ko‘rinadi. Saroy hududida noodatiy arxitekturadagi ko‘prik, devorlar, noyob daraxtlar va hatto ochiq amfiteatr bor. O‘simliklar uchun 40dan ortiq bog‘bonlar javob beradi. Saroy hududi FXXga tegishli va 2068 yilgacha baliqchilikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi firmaga ijaraga berilgan.

Navalniyning vakillaridan biri baliqchi sifatida saroy atrofida baliq ovlamoqchi bo‘lib murojaat qilgan va bu uchun FXXdan ruxsat olish kerakligi aytilgan. Biroq FXXdagilar saroy atrofida baliq ovlash mumkin emasligi, uni 2 km aylanib o‘tish kerakligini ma'lum qilishgan. Nima uchun degan savolga maxsus xizmat vakillari aniq javob berishmagan.

Navalniyning aytishicha, bir vaqtlar «Lirus» degan kompaniya tuzilgan. Uning ta'sischilari Putinning bo‘lajak qudasi (Navalniyning aytishicha) Nikolay Shamalov, iste'fodagi KGB polkovnigi Dmitriy Gorelov va tadbirkor Sergey Kolesikov bo‘lgan. Ular aynan hozirgi saroy hududida bolalar lageri qurish uchun ruxsatnoma olishadi. Kolesnikov bu haqda gapirib bergan. Uning aytishicha, Putin prezidentlik vakolati tugayotgani sabab Qora dengiz bo‘yida «kichkina uycha» qurishni xohlagan, lekin qurilish butun boshli saroyga aylanib ketgan.

Saroy qaysi pulga qurilgan?

Kolesnikov va Gorelov o‘z vaqtida «Petromed» nomli firma ochishgan. Peterburg meriyasining ham firmada ulushi bo‘lgan va Navalniyning aytishicha, bu ulush to‘g‘ridan to‘g‘ri Putinga tegishli bo‘lgan. Keyinchalik firmaga Nikolay Shamalov ham qo‘shilgan. Keyinchalik Roman Abramovich va Aleksey Mordashov kabi milliarderlar «Petromed»ni rivojlantirish uchun pul ajratishadi. Pullar esa go‘yoki tibbiyotni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Pullarning 35 foizi maxsus ofshor firmaga o‘tkazilgan. Ofshordagi pullarning 94 foizi, Navalniyning iddaosicha, Putinga ketgan. Aynan mana shu pullar saroy qurilishiga sarflangan.

Navalniy surishtiruv davomida Putin bilan bog‘liq juda ko‘p ma'lumotlarni keltirgan va barchasiga isbot taqdim etishga uringan. Navalniy butun surishtiruv davomida Putinni sayyoraning eng boy odam deb ataydi. Intervyuni Navalniyning YouTube kanalida tomosha qilish mumkin. Video joylanganidan bir kun o‘tib 30 million martadan ortiq ko‘rildi.

Qasr haqida birinchi marta 2010 yildayoq ma'lum bo‘lgan — u haqda biznesmen Sergey Kolesnikov gapirib bergan, u qurilish loyihasiga jalb qilinganini aytgandi. Biznesmen qurilish bilan bog‘liq smetalar, shartnomalar va boshqa hujjatlarni e'lon qilib, loyihaga biznesmen Nikolay Shamalov Vladimir Putinning manfaatlari yo‘lida rahbarlik qilganini bildirdi. Bu OAVda katta shov-shuvga olib keldi va bir necha oydan keyin Shamalov qasrni biznesmen Aleksandr Ponomarenkoga sotdi, u esa loyihani mehmonxona majmuasi sifatida qurib bitkazishini ma'lum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi da'vo qilishicha, oldi-sotdi soxtalashtirilgan — Ponomarenko qasr uchun bor-yo‘g‘i 350 ming dollar (OAVlarda aytilgan narxdan ming marta pastroq). Shamalovning firmalaridan biri tez orada obektda boshqaruvchi kompaniyaga aylandi.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Navalniyning tadqiqotini shunday izohladi: «Plastinka juda chaynalib ketdi. Ko‘p yillar oldin biz Putinning hech qanaqa qasri yo‘qligini tushuntirib bo‘lganmiz».

Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotgan Navalniy samolyotda o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Keyinchalik Navalniy Rossiyada ishlab chiqilgan «Novichok» bilan zaharlangani ma'lum bo‘ldi. Navalniy o‘zining zaharlanishi Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini ko‘p marta ta'kidlagan. U 22 avgustdan Germaniyaning Berlin shahrida davolandi va 7 sentyabr kuni komadan chiqdi.

14 yanvar kuni Jazolarni ijro etish federal xizmati siyosatchi 29 dekabr kuni departament tashabbusi bilan qidiruvga berilganini xabar qildi. Xizmat uni «Iv Roshe» ishi bo‘yicha rejimni buzgan, unga muvofiq Navalniy oyda ikki marta Jazolarni ijro etish federal xizmati organlariga borib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘lgan. Davolanishdan keyingi reabilitatsiya, xizmatning fikricha, ro‘yxatga olishga kelmaslik uchun asos bo‘lolmaydi.

Navalniy 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va aeroportning o‘zida qo‘lga olindi. 18 yanvar kuni Ximki shahar sudi Aleksey Navalniyni 15 fevralga qadar qamoqqa olish bo‘yicha hukm chiqardi.

Mavzuga oid