Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zbekistonlik advokatlarga tuhmat qilyapsiz» - DXX xodimi va advokatlar bahsi
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura sohasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etgan DXX rasmiysi tajribada advokat jinoyatchining daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan jinoiy sherigiga aylanib qolayotganini aytdi. Advokat esa buni sohaga nisbatan tuhmat deya baholadi.
24 fevral kuni Adliya vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida advokatlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda ishtirok etgan advokat Sanjar Xo‘jayev o‘z faoliyatiga doir ayrim qonunlarga rioya qilinmayotganini ta'kidladi.
U protsess ishtirokchilarining qonunchilik darajasida teng huquqliligini ta'minlash uchun jinoyat ishi doirasida order mavjud bo‘lsa, uyali aloqa kompaniyalariga advokatlik so‘rovi bo‘yicha himoya ostidagi shaxsning huquqlarini munosib ta'minlash maqsadida ularning IMEI, billing, SMS va boshqa muhim ma'lumotlarini advokatlarga taqdim etish majburiyatini yuklashni taklif etdi.
«JK va JPKda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishini surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya tomonidan tugatishga oid normalar nazarda tutilgan. Lekin amaliyotda bular qo‘llanilmayapti. Shuningdek, ushbu moddalarni aybdan kelib chiqib ishda bir necha ayblanuvchilar mavjud bo‘lganda ham qo‘llash mumkin», degan advokat.
DXX vakili Bahrom Karimov esa ushbu fikrlarga javoban quyidagilarni bildirdi:
«Mana, advokatlarning ko‘p dardini eshityapmiz. Lekin bitta narsani ham inobatga olishimiz kerak. Advokat – bu kasb, protsessda u – himoyachi, u bevosita gumonlanuvchini, ayblanuvchining huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilishi kerak.
Lekin, afsuski, biz tajribada shunga guvoh bo‘lyapmizki, advokat jinoyatchining daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan jinoiy sherigiga aylanib qolyapti. Aksariyat holatlarda shunday bo‘lyaptiki, tergovga ma'lum bo‘lmagan, hozircha hali fosh bo‘lmagan jinoiy sheriklarining manfaatida boshqa aniqlangan shaxsning nomidan order olib kelib, tergovda o‘tirgan odamning ko‘rsatmalarini o‘zgartirish, unga tazyiq o‘tkazish yoki jinoyat ishida mavjud ma'lumotlardan o‘zining haqiqatda ortida turib harakat qilayotgan shaxsining manfaatlari uchun ma'lumot to‘plab ketish holatlari uchrayapti.
Bundan tashqari, to‘plangan ma'lumotlarni hatto tergov tamomlanmasidan turib oshkor qilish, OAVga yoki messenjerlarga «sizdirish» holatlari uchrayapti.
Ya'ni bunday holatlarda advokat o‘zining himoyachilik funksiyasini emas, jinoyat sodir qilgan shaxsga nisbatan javobgarlik muqarrarligi prinsipini sindirishga ishlayapti».
Boshqa bir advokat DXX xodimining bu fikriga qarshi chiqdi.
«Men hozirgina aytdim, o‘zi O‘zbekistonga advokatura kerakmi? Bu [advokatura sohasiga] munosabat-ku! Ahamiyat bering, bu noto‘g‘ri yondashuv, ya'ni aksar hollarda deyilmoqda, O‘zbekistonda agar 4 ming advokat bo‘lsa, demak, 2 ming nafardan oshiq advokatga tuhmat qilyapsiz», deya e'tirozlarini bildirdi u.
Shundan so‘ng, adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘z oldi va DXX xodimidan advokatning billingga oid savoli bo‘yicha izoh so‘radi. Bahrom Karimov bu masaladagi savolga javob berishga vakolatli emasligini aytdi.
Majlis so‘ngida vazir advokaturaning maqomi oshishi kerakligini, prezidentning ham xohishi shu ekanini, adliya vaziri sifatida har doim protsessda tenglik tarafdori ekanligini, tergovda tenglik bo‘lsagina tergov sifati oshishini ta'kidladi.
Mavzuga oid
08:13 / 27.05.2025
Haj ziyoratiga yuborishga uringan shaxslar ushlandi
07:40 / 21.05.2025
DXX Qashqadaryoda 3 nafar advokatning firibgarlik harakatlarini fosh etdi
11:27 / 20.05.2025
Tojikistondan kontrabanda qilingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
19:09 / 14.05.2025