O‘zbekiston | 12:18 / 18.03.2021
1968
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda so‘nggi 3 yilda mingdan ortiq bog‘cha tashkil etildi

Xorazm viloyatida bolalarning maktabgacha ta'lim tashkilotlari (MTT)ga qamrov ko‘rsatkichi so‘nggi 3 yilda 20 foizdan 62,5 foizga oshdi. Yil yakuniga qadar qamrovni 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu haqda viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.

Viloyatda 3-7 yoshdagi bolalar soni 153 mingdan ortiq bo‘lib, ularning 96 ming nafari maktabgacha ta'limga jalb qilingan. 2022 yilda bolalarning qamrov darajasini 77 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

2020 yilgi «Investitsiya dasturi» doirasida 24ta davlat MTTda, «Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan 4ta MTTda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Shuningdek, xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashining qarori bilan 7ta MTTni rekonstruksiya qilish uchun 19,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, qurilish-ta'mirlash ishlari bajarildi.

2017 yilda MTTlar soni 248ta edi. 2020 yilda ularning soni 1274taga yetdi. Shundan 90tasi davlat, 11tasi xususiy, 69tasi davlat xususiy sherikchiligi asosidagi, 856tasi oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlaridir. 

2021 yil davomida «Investitsiya dasturi» doirasida 8ta MTT qurish rejalashtirilgan. Bunga 36,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda ushbu obektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. 

Viloyatda yangidan tashkil qilinadigan MTTlar hisobiga 2021 yil davomida 1765ta, 2022 yilda esa 1720ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid